Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘onaning Quva tumanida 20 yoshli yigit ichki ishlar idorasida vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. “Paxtakor” mahalla fuqarolar yig‘inida yashagan A.A.ning “o‘ligi IIBdan chiqqani” haqida dastlab bloger Olimjon Haydarov yozgan.
“Quvada 20 yoshli, soppa-sog‘ yigitni IIB xodimlari ‘suhbat’ uchun olib kirib ketib, o‘ligini olib chiqib beribdi. Yiqilib tushganmish... Eshitishimcha, niqob bo‘yicha jarima qilmoqchi bo‘lishganda, 20 yoshli bola va IIB xodimlari orasida biroz tortishuv bo‘libdi. Xodimlar yigitning ‘esini kiritib qo‘yish’ maqsadida olib kirib ketgan, ma’lum muddatdan keyin ‘yiqilib tushib’ vafot etgan bolaning murdasini olib chiqib berishibdi”, — deb xabar qoldirgan bloger Facebook’dagi sahifasida.
Chiroqchi va Andijondagi ichki ishlar xodimlarining fojiali zo‘ravonliklari bilan bog‘liq xotiralar hali sovib ulgurmagani uchun, Quvadan kelgan mazkur xabar ijtimoiy tarmoqlarda keskin muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shu bois IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov alohida bayonot berdi.
IIV vakili marhum A.A. bilan haqiqatan ham karantin qoidalarini buzgani uchun profilaktik suhbat o‘tkazilgani tasdiqlagan, biroq bu suhbat 31-mart kuni o‘tkazilganini, A.A. esa 2-aprel kuni “Qalinpo‘stin” mahallasi bo‘ylab piyoda ketayotganida sog‘lig‘i birdan yomonlashib, shifoxonaga olib borilgani va ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay, vafot etganini ma’lum qilgan. A.A.ning tanasida uning o‘limi bilan uzviy bog‘liq tan jarohatlari aniqlanmagani, uning o‘limiga yurak ishemik kasalligi, o‘tkir yurak-qon tomir kasalligi va ikkala buyrak polikistozi sabab bo‘lganini Farg‘ona viloyati prokuraturasi ham tasdiqladi.
“Yolg‘on ma’lumotni tarqatgan ijtimoiy tarmoq faolining harakatlariga huquqiy baho beriladi. Bu o‘rinda bir savol tug‘iladi — ijtimoiy tarmoq faolining ‘Jamoat nazorati to‘g‘risida’gi qonuni talablari haqida bilimi bo‘lmasligi mumkin, lekin ushbu ma’lumotni ‘mish-mish’ sifatida tarqatayotganlardan nahotki birortasi buni tekshirib ko‘rish haqida o‘ylamagan bo‘lsa?!”, — deb savol qo‘ygan IIV matbuot kotibi. “Daryo” muxbiri vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida mas’ullar va voqea guvohlari bilan bog‘landi.
“Juda odobli bola edi. Akasi uchun siqilib yurgan bo‘lsa, jahl ustida ‘uchastkovoy’ bilan tortishgan bo‘lishi mumkin”
Marhum A.A. 31-mart kuni “Qalinpo‘stin” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida niqobsiz yurgani uchun profilaktika inspektori tomonidan og‘zaki tarzda ogohlantirilgan (qayd etish joiz, Farg‘ona karantin talablariga rioya etilmayotgani yuzasidan O‘zbekistonda eng ko‘p jarimalar qo‘llanilayotgan viloyat hisoblanadi). Shu yerda niqob taqib olish haqidagi talabga bo‘ysunishni istamagan A.A. va profilaktika inspektori o‘rtasida tortishuv yuz bergan.Shundan so‘ng IIB xodimi A.A.ning shaxsiga aniqlik kiritish, u bilan profilaktik suhbat o‘tkazish va holat yuzasidan bayonnoma rasmiylashtirish maqsadida uni “Qalinpo‘stin” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan militsiya tayanch punktidagi xizmat xonasiga olib borgan.
“Bunga to‘rt-besh kun bo‘lib qoldi, aniq kuni esimda yo‘q. Hududimizda o‘g‘irlik sodir bo‘lgandi. Mahalla oqsoqollari va profilaktika inspektori bilan shu ishni muhokama qilayotgandik. Meni ichkarida edim, birdan to‘polon bo‘lib ketdi. Tashqariga chiqsam, A.A. profilaktika inspektori bilan gap talashib turgan ekan. IIB xodimlari uni niqobsiz yurgani uchun ogohlantirgan. Lekin u gapga quloq solmay, ichki ishlar xodimiga hurmatsizlik qilgan. Keyin idorada gaplashamiz deb, u bolani olib ketishdi. Amakisi U.X. ham birga bordi”, — deydi “Qalinpo‘stin” MFY raisi Farog‘at Tojiddinova.
“U yerda ko‘pchilik edik, oqsoqollar, mahalla faollari. Hech kim u yigitni urmadi. Yarim soatlarda dadasi va amakisi ‘uchastkovoy’ning xonasidan olib ketdi. A.A. juda tartibli, odobli bola edi. Amakilari bilan qo‘shnimiz, ko‘z oldimizda katta bo‘lgan. Birovga gap qaytaradigan, birov bilan urishadigan bola emasdi. O‘tgan yili akasi hovlida uzum kesayotib, tokdan yiqilib tushgandi, kasalxonada, komada edi. Balki shunga siqilib yurgan bo‘lsa, jahl ustida ‘uchastkovoy’ bilan tortishgan bo‘lishi mumkin”, — deya qo‘shimcha qildi Farog‘at opa “Daryo” muxbiri bilan suhbatda.
“Uchastkavoy”ning xonasida taxminan yarim soatcha ushlab turilgan
Marhum yashagan “Paxtakor” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ikromjon Misirovning aytishicha, A.A. “uchastkovoy”ning xonasida taxminan 30 daqiqacha ushlab turilgan. Suhbat jarayonida marhumning amakilari U.X. va A.X. ham qatnashgan. Shuningdek, dadasi Yo.X. ham militsiya tayanch punktiga yetib kelib, IIB xodimlaridan uzr so‘ragan va o‘g‘lini o‘zi bilan birga olib ketgan.Oradan ikki kun o‘tib, 2-aprel kuni A.A. shlakoblok ishlab chiqarish sexidagi ishchilaridan hamda shifoxonada davolanayotgan akasidan xabar olish uchun piyoda ketayotgan vaqtida sog‘lig‘i yomonlashib, tumanning “Toshkent” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yiqilib tushgan. Shifoxonaga olib borilgan va o‘sha yerda vafot etgan.
Viloyat IIB axborotiga ko‘ra, hozirda mazkur holat yuzasidan Quva tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, marhumning yaqinlari IIB xodimlarining xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib, ariza bilan murojaat qilmagan.