Rossiyada velosipedlar narxi boshlanayotgan yangi mavsumda 10—35 foizgacha qimmatlashishi mumkin. Bu haqda Meduza xabar berdi.
Distribyutorlardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘plab xorijiy ishlab chiqaruvchilar ilgari rejalashtirilgan yetkazib berish muddatini bir chorakka kechiktirdi, endi mart oyida mo‘ljallangan velosipedlar yoz faslining boshida savdoga qo‘yilishi kutilmoqda.
Tanqislik 2020-yil butun dunyoda pandemiya sababli velosiped savdosining o‘sgani bilan bog‘liq. Ular karantinda ko‘ngil ochish vositasi, shuningdek, jamoat transportiga o‘rindosh sifatida sotib olingan.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqi va AQShda karantin sababli ko‘plab korxonalar ma’lum muddat faoliyat ko‘rsatmadi. Rossiyada oziq-ovqat yetkazib berish xizmatlarining tez o‘sib borayotgan segmentida kuryerlar tomonidan velosipedga bo‘lgan qo‘shimcha talab paydo bo‘ldi.
Avvalroq BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (UNECE) ekologik toza shahar transportini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar ishlab chiqdi. Unda, shuningdek, shahar aholisining ekologik toza harakatlanish usullari muqobili, shu jumladan, velosipedlar, skuterlar yoki piyoda yurish taklif etilmoqda. Namuna sifatida mutaxassislar Olmaota, Moskva va Kopengagen tajribasini keltirgan.
Izoh (0)