Nigerda harbiylarning davlat to‘ntarishiga urinishi muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Bu haqda Agence France-Presse nashriga tayanib, “Korrespondent.net” xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, 31-mart kuni tongda harbiylar guruhi mamlakat poytaxti Niamey shahridagi prezident saroyiga bostirib kirishga urindi, lekin prezident gvardiyasi bunga to‘sqinlik qildi.
“Ushbu davlat to‘ntarishiga urinish tashabbuskorlari bo‘lgan harbiy xizmatchilar hibsga olindi”, — deyiladi xabarda.
Voqea yuzasidan hali rasmiy munosabat bildirilmadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxt Niamey shahrida soat 03:00 da otishma boshlangan va bir soat o‘tib to‘xtagan. Shundan so‘ng poytaxtning ba’zi tumanlarida faqat otishma haqida xabar berildi.
Sinxua agentligining xabar berishicha, mamlakatning eng yirik harbiy bazalaridan biri joylashgan poytaxt xalqaro aeroporti hududida ham o‘q ovozlari eshitildi.
Ma’lumot uchun, voqea prezidentlik saylovlarida g‘olib chiqqan Muhammad Bazumning inauguratsiyasiga 48 soat qolganda sodir bo‘ldi.
Avvalroq Nigerning janubi-sharqida joylashgan Diff tumanidagi Tumur qishlog‘iga “Boko haram” ekstremistik guruhi hujum qilgan edi. Natijada 800 ta xonadon yoqib yuborildi, 28 nafar tinch aholi qurbon bo‘ldi.
Myanmada ham prezident va davlat maslahatchisi qo‘lga olindi, shundan keyin mamlakat Qurolli kuchlari bir yilga favqulodda holat e’lon qildi. Harbiylar hokimiyat Qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni Min Aun Xlain qo‘liga o‘tishini e’lon qilgan.
Myanma Qurolli Kuchlarining zirhli mashinalar bilan kuchaytirilgan bo‘linmalari 2-fevral, seshanba kuni hukumat binolari va boshqa muhim obyektlarni qo‘riqlab, mamlakatdagi eng yirik shahar — Yangondagi xalqaro aeroportni to‘sib qo‘ydi.
14-fevral kuni Myanmada o‘n minglab aholi asosiy shaharlarda mamlakatda yuz bergan harbiy to‘ntarishga norozilik bildirish maqsadida ko‘chalarga chiqdi.
Natijada Yevroittifoq Myanmadagi vaziyat uchun javobgar bo‘lgan 11 kishiga qarshi sanksiyalar kiritdi.
Myanma shaharlarida bo‘layotgan norozilik harakatlarini bostirish chog‘ida 14-mart kuni 38 kishi halok bo‘ldi, 80 kishi jarohatlandi. Huquq himoyachilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, fevral oyining boshida harbiylar hokimiyat tepasiga kelib, ommaviy namoyishlar boshlanganidan buyon mamlakatda kamida 126 nafar namoyishchi halok bo‘lgan.
Izoh (0)