O‘zbekiston Prezidentining Ko‘ksaroy qarorgohida 30-mart kuni Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston va Vengriya yetakchilarining muloqoti avval tor doirada bo‘lib o‘tgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mehmonni O‘zbekistonga tashrifi bilan qutlab, bu ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarda yangi davrni boshlab berishini ta’kidlagan. O‘z navbatida Viktor Orban tashrifidan mamnunligini bildirib, Vengriya O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini qayd etgan.
Ma’lum qilinishicha, muzokarada siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilingan.
Tomonlar O‘zbekiston—Vengriya munosabatlarini o‘zaro ishonch va keng doiradagi umumiy manfaatlarga asoslangan strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga tayyor ekanini tasdiqlagan. Uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro manfaatli yangi sohalarni ishga solish, ishbilarmon doiralar va hududlar o‘rtasidagi aloqalarni qo‘llab-quvvatlashga kelishib olingan.
Tomonlarni qiziqtirgan xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashilgan. Tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash bo‘yicha qarashlar va yondashuvlar umumiy ekani tasdiqlangan.
Avvalroq Vengriya bosh vaziri Viktor Orban O‘zbekistonga ilk rasmiy tashrifini Mustaqillik maydonidan boshlagani, oliy martabali mehmon Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ygani to‘g‘risdia xabar berilgandi.
Izoh (0)