AQShning Shimoliy Karolina shtatida joylashgan Kenansvill shahrida boshpanasiz it do‘kondan besh marotaba binafsharang yakkashoxni o‘g‘irlashga urindi, deb xabar beradi Esquire. Vaziyatga hayvonlarni nazorat qilish xizmati aralashgan va it uchun barchasi yaxshilik bilan yakunlangan.

Foto: Facebook / Duplin County Animal Services

Do‘kondan amalga oshirilgan qo‘ng‘iroq bo‘yicha yetib kelgan xizmat xodimi itga o‘zi istagan o‘yinchog‘ini olib bergan. Uning taxminicha, itning oldingi egalarida shu kabi o‘yinchoq bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Hayvonlarni nazorat qilish vasiyligidagi yangi jonzot haqida post qoldirgach, u internetda virus kabi tez tarqalgan. Itga Sisu laqabi berilgan. Postda yozilishicha, it bir yoshda. Shuningdek, u dag‘al va qo‘pol muomalaga toqat qilmaydi. Sisuga odamlarning aytganini qiladigan, biroq boshqa itlar bilan chiqishmaydigan deya ta’rif berilgan. Shu bilan birga, it o‘zining yakkashoxini yaxshi ko‘rishi ham ta’kidlangan.

Post e’lon qilinganining ertasi kuni Sisu o‘ziga yangi xo‘jayin topgan.

Avvalroq Viskonsinda ovcharka o‘z egasining mashinasini “minib qochib”, galereyaga borib urilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.