Professional boksning super yengil vazn toifasida (-63,5 kg) ringga chiqayotgan o‘zbekistonlik Shahram G‘iyosov (10-0, 8 KO) 3-aprel kuni Toshkentdagi Humo Arena’da tashkil etiladigan boks kechasida ringga ko‘tariladi.
Rio—2016 Olimpiadasi sovrindoriga meksikalik bokschi Patrisio Lopes Moreno (28-4, 20 KO) raqib bo‘ladi, deya xabar qilmoqda o‘zbekistonlik insayder Jalol Ahmedov. Unda G‘iyosov WBA International kamarini himoya qiladi.
Avvalroq G‘iyosovga 3-aprel kungi jangda Isa Chaniyev (14-3, 6 KO) raqib bo‘lishi aytilgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, rossiyalik sportchi Toshkentga kelishni xohlamagan.
Mazkur boks kechasining asosiy jangida Murodjon Ahmadaliyev (8-0, 6 KO) Ryosuke Ivasaga (27-3, 17 KO) qarshi bellashuvda WBA va IBF kamarlarini himoya qiladi.
Shuningdek, mazkur boks oqshomida Isroil Madrimov, Bahodir Jalolov, Elnur Abduraimov, Sanjar Tursunov kabi o‘zbekistonlik bokschilar jang qilishi kutilmoqda. Shu kechada Iqboljon Xoldorov va Mirazizbek Mirzaxalilov prof boksdagi debyutini o‘tkazadi.
G‘iyosov so‘nggi jangini 2020-yilning avgustida Uiston Kamposga qarshi o‘tkazgan va uni uchinchi raunddayoq nokautga uchratgandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)