Qashqadaryoda esgan kuchli shamol Qamashi tumanidagi issiqxonalarni vayron qildi. Bu haqda “Daryo”ga shikoyat qilgan Otamurod Yo‘ldoshev 11 sotix yer maydondagi issiqxonasi shamol sabab yaroqsiz holga kelib qolganini, mas’ullar esa uning murojaatiga e’tibor ham bermayotganini ma’lum qildi.

Foto: “Daryo”

“‘Agrobank’ning Qamashi tuman filialidan issiqxonaning bir sotixi uchun 7 million so‘mdan 11 sotix yer maydoni uchun 77 million so‘m kredit olganman. Ta’minotchi korxona tomonidan qurib berilgan issiqxonamni bir necha marotaba o‘zim ta’mirlatgandim. 2021-yil 19-mart kuni esgan kuchli shamol issiqxonamni vayron qildi. Ekilgan ekinimga ham kuyib o‘tiribman”, — deydi Otamurod Yo‘ldoshev.

Otamurod Yo‘ldoshev.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Murojaatchining ma’lumot berishicha, yaroqsiz holga kelgan 11 sotixli issiqxonaning 4 sotixi o‘g‘li Qamariddin Berdimurodov nomiga, qolgan 7 sotixi esa turmush o‘rtog‘i Zamira Qurbonmurodova hamda o‘zining nomiga rasmiylashtirilgan kredit evaziga barpo etilgan.

Foto: “Daryo”

“Ta’minotchi tashkilot rahbari Xudoyqul Tirkashev tomonidan qurib foydalanishga topshirilgan issiqxonamni o‘sha paytning o‘zida — 2020-yil kuz oyida qayta ta’mirlatgandim. Kamchiligi ko‘p edi. Bu ham yetmaganidek, endi shamolda qulab tushdi. Sellofanlari esa yirtilib, chidamsiz sellofan ekanini isbotladi. Ta’minotchiga bu haqda aytsam, e’tibor ham bermayapti. Men ikki marotaba ekilgan ekinimga kuyib, qilgan xarajatlarimni ham qoplatolmay o‘tiribman. Endi esa uchinchi marotaba ekkan ekinim qulab tushgan issiqxona temirlari tagida qolib, barbod bo‘ldi”, — deydi murojaatchi fuqaro.

Qamariddin Berdimurodov.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Otamurod Yo‘ldoshevning hisob-kitobiga ko‘ra, u 77 million so‘mlik krediti va uning o‘z vaqtida to‘lab borilayotgan foizlaridan tashqari yana 33 million so‘mlik xarajatiga ham kuyib qolgan.

Foto: “Daryo”

“Bu yerda faqat men emas, menga o‘xshagan fuqarolar 80 nafar. Hammasi kredit puliga, to‘layotgan foiziga, shuningdek, ekin ekish uchun qilingan xarajatiga kuyib qolmoqda. Bu haqda murojaat qilmagan tashkilotimiz, rahbarimiz qolmadi. Hech kim bizga yordam bermayapti”, — deydi Otamurod Yo‘ldoshev.

Foto: “Daryo”

Otamurod Yo‘ldoshevning qo‘shimcha qilishicha, u issiqxona qurilayotgan paytda bank boshlig‘i va ta’minotchi korxona mas’uliga issiqxona qo‘l uchida qurilayotganini, kuchli shamol bo‘lsa, qulab tushishi mumkinligini aytgan. Bank rahbariyati esa fuqaroga ta’minotchining quruvchilari ishiga xalal bermasligi lozimligini aytib, tanbeh ham bergan.

Foto: “Daryo”

“Men shu issiqxona qurilayotgan paytda quruvchilarga va bank boshlig‘iga ish qo‘l uchida bo‘layotganini, kuchli shamol bo‘lsa, issiqxona qulab tushishi mumkinligini aytib, ishni pishiq qilishlarini so‘ragandim. Bank boshlig‘i esa menga quruvchilar ishiga xalal bermasligimni aytib, tanbeh ham bergandi. Bugungi kunga kelib mana bunaqa ahvolga tushib o‘tiribmiz”, — deydi issiqxonasi qulab tushgan fuqaro.

Foto: “Daryo”

“Daryo” muxbiri Otamurod Yo‘ldoshevning o‘g‘li Qamariddin Berdimurodov nomiga rasmiylashtirilgan kreditga issiqxona qurgan ta’minotchi korxona mas’uli Bobur Qodirov bilan bog‘lanib, murojaatchilar shikoyatiga izoh so‘radi. Mas’ul esa oddiy quruvchi ekanligini ta’kidlab, rahbarlari bilan gaplashishini va tez orada ma’lumot berishini ma’lum qildi.

Muallif:Otabek Qo‘ldoshev