Bolgariya Tashqi ishlar vazirligi rossiyalik ikki nafar diplomatni persona non grata deb e’lon qildi va ularga mamlakatdan chiqib ketishlari uchun 72 soat vaqt berdi. Bu haqda vazirlik axborotiga asoslanib bTV xabar tarqatgan.
Avvalroq Bolgariya prokuraturasi ikki nafar rossiyalik diplomatning josuslik faoliyati bilan shug‘ullangani va diplomatik maqomiga to‘g‘ri kelmaydigan ishlarni qilganini ma’lum qilgandi.
Sofiyadagi Rossiya elchixonasi Bolgariya hukumatining navbatdagi asoslanmagan harakati Rossiya—Bolgariya o‘rtasidagi konstruktiv muloqotga xizmat qilmasligini qayd etgan. Elchixona Rossiya mazkur harakatlarga nisbatan javob qaytarish huquqiga ega ekanligini eslatib o‘tgan.
19-mart kuni Bolgariya prokuraturasi mahalliy amaldorlardan iborat guruhning qo‘lga olingani, ular Rossiya manfaatini ko‘zlab, josuslik bilan shug‘ullanganlikda gumonlanayotgani haqida xabar bergan. Hibsga olinganlar orasida rossiyaliklar bo‘lmagan.
2019-yil oktabr oyidan beri Bolgariya jami sakkiz nafar rossiyalik diplomatni ortga qaytargan (22-mart kuni persona non grata bo‘lgan ikki diplomatni ham qo‘shib hisoblagandi). Qaytarilganlarning hammasi josuslik faoliyatini olib borganlikda gumon qilingan.
Izoh (0)