Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) koronavirusga qarshi AstraZeneca vaksinasi bilan emlashni davom ettirishni tavsiya qildi. JSST fikricha, vaksinaning afzalliklari uning xavfidan ustunroq. Bu haqda tashkilot bayonotiga tayanib, Meduza xabar berdi.

Foto: Global Look Press

JSST bir qator Yevropa davlatlari AstraZeneca vaksinasidan foydalanishni to‘xtatganiga sabab — qon tomirlarida tromb hosil bo‘lishi aslida keng tarqalgan odatiy hol ekanini ta’kidladi.

“Turli mamlakatlar tomonidan keng ko‘lamli emlash kampaniyalarida vaksinatsiyadan keyin yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ikkilamchi ta’sirlar haqida xabar berilishi tabiiy hol. Tekshiruvlar to‘g‘ri bo‘lgan taqdirda ham, bu nojo‘ya ta’sir yuzaga kelgan holatlarning albatta vaksina bilan bog‘liqligini anglatmaydi”, — deyiladi bayonotda.

Shu bilan birga, JSST AstraZeneca vaksinasining xavfsizligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘rganishda davom etishini ma’lum qildi. Tashkilot tahlil tugashi bilanoq natijalarni e’lon qilishga va’da berdi.

Ma’lumot uchun, koronavirusga qarshi AZD1222 vaksinasi Buyuk Britaniya (Oksford universiteti) va Shvetsiya (AstraZeneca) olimlari tomonidan birgalikda ishlab chiqilgan. 2020-yil noyabrgacha AstraZeneca preparatning ikki dozasi bilan emlangan kishilarda vaksina 70 foiz samaradorlik ko‘rsatgani va birinchi dozadan so‘ng 14 kun ichida tanada immunitet hosil bo‘lgani haqida xabar qilgan. Kompaniya vaksinaning jiddiy ikkilamchi ta’siri yo‘qligini aytgan.

Ommaviy emlashlar boshlangandan so‘ng vaksinani qabul qilganlar orasida kasalxonaga yotqizish va o‘lim holatlari kuzatila boshladi. O‘lim holatini o‘rgangan shifokorlar ushbu dori bilan emlanganlarda tromblar hosil bo‘lganini aniqladi.

Shundan so‘ng bir qator mamlakatlar preparatdan foydalanishni to‘xtatib qo‘ydi. Xususan, Germaniya, Fransiya, ItaliyaIspaniya, Sloveniya, Portugaliya, Kipr, Niderlandiya, Avstriya, Daniya, Estoniya, Latviya, Litva, Bolgariya, Irlandiya, Lyuksemburg, Norvegiya va Islandiya, shuningdek, Yevropadan tashqaridagi Indoneziya, Kongo va Janubiy Afrika mamlakatlarida mazkur vaksinadan foydalanish to‘xtatilgan.

Eslatib o‘tamiz, 17-mart kuni Toshkentga AstraZeneca vaksinasining 660 ming dozasi olib kelindi.