Emlanganlarda tromblar paydo bo‘lishi bilan bog‘liq bir nechta holatlar haqidagi ma’lumotlardan keyin Daniya AstraZeneca vaksinasidan foydalanishni ikki haftaga to‘xtatib qo‘ydi. Bunday holatlardan biri o‘lim bilan tugadi, deb yozadi Meduza.

Foto: Reuters

Mamlakat hukumati tromblar paydo bo‘lishi va vaksinatsiya o‘rtasida bevosita aloqa o‘rnatilganicha yo‘qligini ta’kidladi. Yevropa dori vositalari agentligi tekshiruv o‘tkazishini ma’lum qildi, ammo vaksinaning afzalligi har qanday holatda uning xavflaridan ustun ekanligini qayd etdi va AstraZeneca vaksinasidan foydalanishni davom ettirish mumkinligini ta’kidladi.

AstraZeneca farmkompaniyasining o‘zi esa vaksinadan voz kechilayotgan bir paytda o‘z dorisi bemorlar tomonidan yaxshi qabul qilinayotgani va yaxshi samaradorlik ko‘rsatayotganini ma’lum qildi. “Bemorlarning xavfsizligi AstraZeneca uchun oliy prioritet hisoblanadi. Vaksinaning xavfsizligi klinik sinovlarning uchinchi bosqichida keng o‘rganilgan. Ekspertlar bahosidan o‘tgan ma’lumotlar vaksina umuman olganda yaxshi qabul qilinishini tasdiqlaydi”, — deyiladi kompaniya xabarida.

Daniyaning ortidan, AstraZeneca dorisi bilan emlashni to‘xtatish haqidagi qarorlarni Norvegiya va Islandiya ham qabul qildi. Ushbu mamlakatlar hukumatlari qayd etishicha, u yerlarda ikkilamchi ta’sirlar bilan bog‘liq holatlar kuzatilmagan, emlashning to‘xtatilishi esa Daniyadan olingan ma’lumotga asoslangan.

11-mart kuni Italiya ham AstraZeneca’dan foydalanishni to‘xtatib qo‘ydi. Bu 43 yoshli erkakning o‘limidan keyin yuz berdi: u vaksinatsiyaning ertasi kuni yurak to‘xtab qolishidan vafot etdi — hukumat ushbu ikki voqeaning bir-biriga bog‘liqligini aniqlashtirmoqchi.

7-mart kuni Avstriyada muayyan bir partiyadan AstraZeneca’ni qo‘llash taqiqlangandi, bunga emlangan ayollardan biri qon ivishining buzilishidan vafot etgani, yana birida o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi aniqlangani sabab bo‘lgan. Ushbu partiyadan Yevropa Ittifoqining 17 ta mamlakatiga vaksinalar yuborilgan bo‘lib, Avstriyadan keyin ushbu partiyadagi vaksinadan foydalanmaslik qarori haqida Lyuksemburg, Estoniya, Latviya va Litva ham e’lon qilgan. Estoniya, shuningdek, tromboz xavfi yuqori bo‘lgan bemorlarga umuman AstraZeneca vaksinasi bilan emlanmaslikni tavsiya qilgan.

Ayni paytgacha Yevropada besh millionga yaqin odam AstraZeneca bilan emlangan, tromblar paydo bo‘lishi 30 ta holatda kuzatilgan.

AZD1222 vaksinasi AstraZeneca farmatsevtika kompaniyasi mutaxassislari tomonidan Oksford universiteti olimlari bilan birgalikda ishlab chiqilgan. Bu vektorli vaksina hisoblanadi. Vektorli vaksinalarning ishlash prinsipi shundaki, ular tarkibida zaiflashgan zararsiz virus va koronavirus genining yangi turi mavjud.