Germaniya COVID-19 koronavirus infeksiyasiga qarshi AstraZeneca vaksinasidan foydalanishni vaqtincha to‘xtatdi, Italiyada esa mazkur vaksina bilan emlanganlardan biri vafot etganidan keyin preparatning partiyasidan foydalanishga taqiq qo‘yildi. Shuningdek, Fransiyada ham mamlakat prezidenti Emmanuel Makron AstraZeneca vaksinasidan foydalanish to‘xtatilganini e’lon qilgan.

Foto: Getty Images

Germaniya sog‘liqni saqlash vazirligi 15-mart kuni ehtiyot chorasi sifatida AstraZeneca vaksinasi bilan odamlarni emlash ishlari vaqtincha to‘xtatib turilganini ma’lum qildi.

“Germaniya Federativ Respublikasi hukumati Paul Erlix nomidagi institut tavsiyalariga amal qilishni lozim deb topdi”, – deyiladi vazirlik bayonotida.

Germaniya asosiy tibbiyot muassasasi preparatni qo‘llash bilan bog‘liq qarshi ko‘rsatmalar, nojo‘ya ta’sirlar yuzasidan qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkazish zarurligini bildirgan.

Italiyada ham Pyemont provinsiyasining hukumati 57 yoshli musiqa o‘qituvchisi Sandro Tognattining emlashdan keyingi nojo‘ya ta’sirlar oqibatida vafot etganidan keyin dastlab vaksinadan foydalanishni vaqtincha cheklagan va keyinchalik preparatni ishlatishni to‘xtatgan edi, deb yozmoqda Reuters.

Italiya shimolidagi Pyemont hududi prokurorlari emlashdan bir necha soat o‘tgach, odam o‘limi bilan bog‘liq hodisa kuzatilganini inobatga olgan holda AstraZeneca vaksinasining 393 600 birlikdagi dozasi musodara qilingani haqida xabar bergan.

Keyinchalik Italiyaning asosiy vakolatli tibbiyot markazi ham mamlakatda mazkur vaksinadan foydalanishni to‘xtatishni tavsiya etgan.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham Germaniya va Italiyadagi kabi vaksina bilan aholini emlash ishlarini to‘xtatish haqida qaror chiqargan.

Ispaniyada ham aholini COVID-19 koronavirus infeksiyasiga qarshi AstraZeneca vaksinasi bilan emlash ishlari 15 sutkaga to‘xtatildi. Bu haqda mahalliy ABC nashri xabar tarqatgan.

Niderlandiya hamda Irlandiyada ham Yevropa Ittifoqiga a’zo boshqa davlatlar kabi AstraZeneca’dan foydalanish to‘xtatib qo‘yilgan.

Bunga qadar Norvegiya, Daniya, Avstriya, Bolgariya va YeIning boshqa mamlakatlari preparat qabul qilinganidan keyin inson tomirlarida tromblar yuzaga kelayotganini inobatga olgan holda AstraZeneca vaksinasi bilan aholini emlash ishlarini to‘xtatgan edi. O‘z navbatida vaksina ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan kompaniya preparatning insonlar salomatligi uchun zararli emasligini ma’lum qilgan.