Katin qatliomi Butunittifoq bolsheviklar kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasining 1940-yil 5-martdagi qaroriga binoan amalga oshirilgan Polsha armiyasining asir olingan zobitlarini qirg‘in qilish hodisasidir. Arxiv hujjatlariga ko‘ra bu qirg‘inda jami 21 857 kishi otib tashlangan, ya’ni 1940-yil 5-martdagi maxfiy qaror bilan o‘limga hukm qilingan 21 857 polyakdan hech biri omon qolmagan. “Daryo” bugun ushbu hodisa tafsilotlaridan so‘zlaydi.
E’lon qilinmagan urush asirlari
1939-yil 1-sentabrda Gitler Polshaga hujum qildi. Voqeadan 17 kun o‘tib, SSSR 1932-yil 25-iyulda Polsha bilan imzolangan o‘zaro hujum qilmaslik to‘g‘risidagi shartnomani buzib, katta kuch bilan (21 ta o‘qchi va 13 ta otliq diviziya, 16 ta tank va 2 ta motorli brigada – jami 618 ming kishi va 4733 ta tank) polyak armiyasiga zarba berdi. Rasmiy Sovet versiyasiga ko‘ra, hujumdan maqsad G‘arbiy Ukraina va G‘arbiy Belarus aholisini himoyaga olish edi.240 mingga yaqin polshalik askar asir olindi, ular orasida qo‘liga endigina qurol olgan harbiy xizmatchilar, yosh zobitlar ham bor edi. Urushdan oldin SSSRga qo‘shib olingan hududlarda yashagan oddiy askarlar tez orada o‘z uylariga qo‘yib yuborildi. Sovet lagerlarida 39 mingga yaqin ofitser va politsiyachilar qoldi. 1940-yil yozida ularga 1939-yilda Litva va Latviyadan asirga olingan yana 5 ming kishi qo‘shildi. Ushbu odamlarni hibsda ushlab turish uchun hech qanday qonuniy asos bo‘lmagan. Ularni harbiy asirlar deb ham bo‘lmasdi, chunki Moskva Polshaga qarshi urush e’lon qilmagandi. Biroq fuqarolar urushi va “qizil terror” davrida siyosatchi sifatida shakllangan SSSRning o‘sha paytdagi rahbarlari, ehtimol, hech qanday nojo‘ya xatti-harakat qilmagan, biroq shunday ishni sodir etishi mumkin bo‘lgan odamlarni yo‘q qilishni tabiiy deb hisoblashgan.
KGB raisi Aleksandr Shelepinning Xrushyovga 1959-yil 3-martda taqdim etgan ma’lumotlariga ko‘ra (bu ma’lumotlar shu qadar sir tutilganki, Shelepin uni bitta nusxada o‘z qo‘li bilan yozgan), qirg‘in davomida 21 857 kishi otib tashlangan. Qatl qilinganlarning 60 foizi Germaniya hujumidan keyin ko‘ngilli sifatida chaqirilgan yoki armiyaga qo‘shilgan ziyolilar edi. Hibsga olinganlar uchun tashkil qilingan lagerlar misolida oladigan bo‘lsak, birgina Kozelsk lagerida 20 nafar professor-o‘qituvchi bor edi.
Sovet ruletkasi
5-martdagi siyosiy byuroning farmoniga binoan Beriya Merkulov va Kobulovning o‘rinbosarlari hamda NKVD 1-maxsus bo‘limi boshlig‘i, mahbuslarning hisobini yuritish bo‘yicha mas’ul Bashtakovdan tashkil topgan “uchlik”ka kimni otish va kimning hayotini saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qilish tayinlandi.Bundan tashqari, 1939-yil 27-oktabrda Merkulov lagerlardagi polyaklar orasidan “antisovet unsurlarni” aniqlash va agentlarni jalb qilish bo‘yicha “tezkor razvedka tadbirlari” rejasini tasdiqladi.
Tirik qolganlarning hammasi NKVD bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lgan degan fikrga kelish xato. Har bir insonning taqdirini belgilashda uning tarjimayi holi, lagerdagi xatti-harakatlari va u bilan o‘tkazilgan suhbatlar inobatga olingan edi.
Yuqori darajadagi harbiy xizmatchilarning bir qismi, shu jumladan, general Vladislav Anders Butirkadagi lagerdan Lubyankadagi ichki qamoqxonaga ko‘chirilgan.
Kimlar omon qolgan edi?
1941-yil 30-iyulda Polsha bosh vaziri Sikorskiy va Sovet Ittifoqining Londondagi elchisi Mayskiylar SSSR va Polsha o‘rtasida diplomatik munosabatlarni tiklash to‘g‘risidagi bitim imzoladi. 12-avgustda Sovet hukumati 1931-1941 yillarda hibsga olingan yoki deportasiya qilingan 381 220 polshalikni afv etdi. 14-avgustda Sovet hududida Polsha harbiy qismlarini tuzish to‘g‘risida bitim imzolandi. 1942-yil bahorida Lubyankadagi ichki qamoqdan ozod qilingan general Vladislav Anders boshchiligidagi armiya zobitlari soni 73 ming kishini tashkil etdi.3-dekabr kuni Stalin bilan uchrashish uchun Londondan uchib kelgan Sikorskiy hamda general Anders Kozelsk, Ostashkov va Starobels lagerlaridagi mahbuslar taqdiri to‘g‘risida so‘z ochdi. Sovet rahbari bunga javoban ularning qochib ketishganini va ularni Manjuriyadan qidirishlarini maslahat beradi.
Biroq 1943-yil 13-aprelda Germaniya hukumati butun dunyoga Katinda ro‘y bergan dahshatli qotilliklar haqida e’lon qildi. Unga ko‘ra, Sovet-Germaniya frontida 27,5 mingga yaqin polyak o‘ldirilgan va bedarak yo‘qolgan edi.
Dilbar Ismatullayeva tayyorladi
Izoh (0)