Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) may oyi oxiriga qadar koronavirusga qarshi vaksinalarni adolatli taqsimlash bo‘yicha COVAX mexanizmi doirasida 142 mamlakatga kamida 237 million doza preparat yetkazib berilishini kutmoqda. Bu haqda tashkilotning bosh direktori Tedros Adanom Gebreyesus brifingda ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.

Foto: “TASS”

“Afrikaning Gana va Kot-d’Ivuar davlatlari bugun o‘zlarining tibbiyot xodimlarini emlashni boshladi va ular COVAX mexanizmi orqali emlash kampaniyasini boshlagan birinchi davlatga aylandi. Ushbu haftada dastur doirasida 11 million doza vaksina yuboriladi. May oyi oxiriga qadar 142 davlatga jami 237 million dozadagi vaksina yetkazib beriladi”, — dedi tashkilot rahbari.

“Biz sog‘liqni saqlash xodimlarining vaksina qabul qilayotganini ko‘rishdan juda xursandmiz, ammo afsuski, bunga dunyoning eng boy mamlakatlarida emlash kampaniyasi boshlaganidan uch oy o‘tganidan keyingina erishlimoqda”, — deya qo‘shimcha qildi Gebreyesus. “Shuningdek, ayrim mamlakatlarda sog‘liqni saqlash xodimlari, ayrimlarida esa keksalar emas, balki, aholisining yosh va sog‘lom kishilarini emlash birinchi o‘ringa qo‘yilayotgani bizni afsuslantiradi”, — dedi u.

JSST 190 mamlakat va iqtisodiyotni o‘z ichiga olgan COVAX mexanizmining ahamiyatini nihoyatda katta deb hisoblaydi. Ushbu dastur shartiga ko‘ra, yuqori daromadli mamlakatlar kam ta’minlangan davlatlarga vaksina xarid qilish uchun mablag‘ ajratadi.

Rejalarga ko‘ra, ushbu mexanizm doirasida 2021-yil oxiriga qadar 2 milliard doza koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqarilishi va dunyo bo‘ylab teng taqsimlanishi kerak.

Avvalroq AQSh kambag‘al mamlakatlarga vaksinatsiya uchun 4 milliard dollar ajratishi haqida xabar qilingandi. Unga ko‘ra, AQSh xalqaro COVAX dasturiga zudlik bilan 2 milliard dollar ajratish rejalari haqida ma’lum qilgan. Kelgusi ikki yil ichida AQSh qolgan 2 milliard dollarni berishi kutilmoqda.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi Tanzaniyaga COVID-19’ga qarshi kurashish uchun 27 million yevro ajratgan edi. Biroq mablag‘ni olgach, rasmiylar mamlakatni koronavirusdan xoli deb e’lon qilgan.

Eslatib o‘tamiz, JSST COVAX dasturi muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, past daromadli mamlakatlar kamida 2024-yilgacha vaksinasiz qolishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.