Koronavirus pandemiyasi bir qator mamlakatlarda yuz bergan gumanitar inqirozni yanada kuchaytirdi va ularning aholisi uchun ocharchilik xavfini oshirdi, deyiladi Disasters Emergency Committee (DEC) 14 ta xayriya tashkiloti guruhining bayonotida. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.
DEC ma’lumotlariga ko‘ra, Yaman va Janubiy Sudan ocharchilik ostonasida turibdi, shuningdek, Afg‘oniston va Kongo Demokratik Respublikasiga ham ocharchilik xavf solmoqda. Bayonotda Suriya, Somali, Bangladeshning qochoqlar lagerida joylashgan roxinja etnik guruhidagi vaziyatga ham to‘xtab o‘tilgan.
DEC bosh direktorining ta’kidlashicha, pandemiya sababli yuzaga kelgan iqtisodiy inqiroz natijasida kambag‘allar yanada kambag‘allashdi.
“Doimiy yordamsiz ko‘plab odamlar nafaqat COVID-19’ning o‘zi, balki virusning iqtisodiy oqibatlari qurboniga aylanadi”, — dedi u.
1-mart kuni BMTning Yamandagi donorlar konferensiyasida tashkilotchilar ushbu mamlakatda keng miqyosdagi ocharchilikning oldini olish uchun 3,85 milliard dollar yig‘ish niyatida ekanini e’lon qildi. BMTning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, yamanliklarning 16 millioni (mamlakatning deyarli yarmi) bu yil ocharchilikdan aziyat chekmoqda. Taxminan 50 ming aholi ochlikdan vafot etdi.
O‘tgan yili pandemiya sababli ko‘plab gumanitar dasturlar faoliyati to‘xtatilgan edi, natijada BMT va hamkor tashkilotlar Yaman uchun talab qilingan 3,4 milliard o‘rniga 1,9 milliard pul to‘pladi.