“Vaqf” xayriya jamoat fondi koronavirusdan vafot etgan Qo‘ng‘irot tumanidagi “Hakim Sulaymon” jome masjidi imom-noibining oilasiga Nukusdan uch xonali uy sovg‘a qildi, deb xabar beradi O‘zA.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston musulmonlari idorasi “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida Ramazon oyi arafasida qator xayriya tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Xususan, Qo‘ng‘irot tumanidagi “Hakim Sulaymon” jome masjidi imom-noibi, bir necha yil “Qoraqalpog‘iston” shaharcha fuqarolar yig‘inida masjid vakili bo‘lib faoliyat olib borgan, koronavirus pandemiyasi davrida vafot etgan Muhammad Ali Mamutovning oilasiga yordam ko‘rastildi.
Ta’kidlanishicha, marhumning ayoli va uch nafar farzandi yolg‘iz qolgan bo‘lib, “Vaqf” xayriya jamoat fondi va homiylar tomonidan oilaga Nukus shahridan barcha qulayliklarga ega uch xonali uy sovg‘a qilingan. Farzandlariga ham sovg‘alar topshirilgan.
“Navbatdagi tashrifimizdan ko‘zlangan maqsad, ehtiyojmand oilalarga yordam ko‘rsatish, diniy ta’limni rivojlantirish va soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Bundan tashqari, hududdagi ichimlik suvi muammosini hisobga olgan holda muborak Ramazon oyi arafasida chekka ovullardan 20 ta quduq qazib bermoqchimiz”, – deydi “Vaqf” xayriya jamoat fondi boshqaruv kengashi raisi Yahyo Abdurahmonov.
Xayriya tadbirlari xalqimizga xos bo‘lgan mehr-muruvvat va insonparvarlik kabi azaliy qadriyatlarimizning amaldagi ifodasi bo‘ldi.
Mavzuga doir: Sardobadagi falokatdan zarar yetgan masjidlar “Vaqf” fondi mablag‘lari hisobiga qayta quriladi va ta’mirlanadi