Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-fevral kuni yangi tahrirdagi “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi, deb xabar beradi “Xalq so‘zi online”. Hujjat Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2020-yil 10-noyabr kuni qabul qilingan va 5-fevral kuni Senat tomonidan ma’qullangan. Qonun uch oydan so‘ng kuchga kiradi.
Qonun muhokamasi vaqtida senatorlar tomonidan qayd etilishicha, bu boradagi amalda bo‘lgan qonun 2000-yilda qabul qilingan. Islohotlar tufayli so‘nggi yillarda audit bozorida ro‘y bergan o‘zgarishlar uning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilish sifatlarini pasaytirib, samarasiz, bugungi talablarga to‘liq javob bermaydigan holga keltirgan.
Ushbu qonun xalqaro prinsiplar va ilg‘or xorijiy tajribalar asosida auditorlik faoliyatini tartibga solishning samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmini yaratish maqsadida ishlab chiqilgan. Mazkur hujjat bozor iqtisodiyoti talablariga javob beradigan auditorlik xizmatini tashkil etish, ish sifati va auditorlik kasbining nufuzini oshirishni ham nazarda tutadi.
Qonunning muhim jihatlaridan yana biri – auditorlik faoliyatining litsenziyalanadigan faoliyat turlari tarkibidan chiqarilishining belgilanayotgani hamdir.
Qonun bilan auditorlik faoliyati faqat Auditning xalqaro standartlari asosida amalga oshirishga o‘tkazilmoqda. Majburiy auditorlik tekshiruvidan o‘tishi zarur bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga ega tashkilotlar ro‘yxati ham shakllantirilmoqda.
Shuningdek, auditorlik tashkilotlariga qulaylik va yengilliklar yaratish maqsadida ularning ustav kapitali miqdoriga bo‘lgan talab bekor qilinmoqda hamda ulardagi auditorlarning eng kam soni kamida to‘rt nafar bo‘lishi ham nazarda tutilmoqda.
Xalqaro amaliyotdan kelib chiqqan holda aynan bitta xo‘jalik yurituvchi subyektda auditorlik tekshiruvini ketma-ket yetti yilgacha o‘tkazishga ruxsat berilmoqda.
“Tavakkalchilik-tahlili” asosida auditorlik tashkilotlari ishi sifatini tashqi nazoratdan o‘tkazish va uning natijalarini vakolatli davlat organi va auditorlar respublika jamoat birlashmalarining rasmiy veb-saytida e’lon qilish nazarda tutilmoqda.
Mavzuga doir: Litsenziyalar bekor bo‘lyapti: bu bizga nima beradi?