Ijtimoiy tarmoqlarda Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, O‘zbekiston xalq artisti, 74 yoshli Sherali Jo‘rayevning og‘ir ahvolda ekani yoki vafot etgani to‘g‘risida turli mish-mishlar tarqalmoqda. “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov mazkur gap-so‘zlarga oydinlik kiritish maqsadida san’atkorning kenja izdosh o‘g‘li Zohirshoh Jo‘rayevning ma’muri G‘ayrat Shokirov bilan bog‘landi.

Foto: Telegram

Ijtimoiy tarmoqlarda ozib ketgan Sherali Jo‘rayevning choy ichayotgani aks etgan video tarqaldi.

“Kimlardir judayam noto‘g‘ri xabarlar tarqatib yuboribdi. Bunday gaplarni kim chiqargan bo‘lsa, Alloh unga insof bersin”, — dedi G‘ayrat Shokirov.

— Sherali Jo‘rayev ayni paytda Istanbulda davolanayotgani haqidagi xabarlar qanchalik rost?

— Aslida Turkiyaga safarga ketgan. U yerda qizlari o‘qiydi. Magistraturani bitirish arafasida diplom olish jarayonlari bo‘larkan. Hozir qizlarining oldida. 7—8-mart kunlari Toshkentga qaytib keladi. Xudo xohlasa, 21-mart kuni davlat bayramida ko‘rinish beradi. Dasturga qo‘shiqlari kiritilgan, tayyorgarlik ketyapti.

Sherali Jo‘rayevning to‘ng‘ich o‘g‘li Shohjahon Jo‘rayev ham otasining tirik va sog‘-salomat ekanligini aytib, muxlislardan yolg‘on mish-mishlarga ishonmaslikni so‘radi.

Foto: Instagram / @shohjahon_djurayev

Eslatib o‘tamiz, 2017-yilda ham O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayevning vafot etgani haqida xabarlar tarqalgan edi.