Vyetnamda 2 yoshli qizcha 12-qavatdan tushib ketdi. Uni kuryerlik xizmatida ishlaydigan yigit tutib qolib, hayotini saqlab qoldi. Bu haqda The Guardian nashri xabar qildi.
Qayd etilishicha, Nguyen Ngok Man ismli yigit mashinada o‘tirganida bola yig‘isi va ayol baqirganini eshitgan. U nima bo‘layotganini bilish uchun mashina oynasidan qaraganda deyarli 50 metr balandlikda turgan bolani ko‘radi.
Kuryer mashinadan tushib, binoga yaqinlashadi. Bola qulaganda Ngok Man muvozanatni yo‘qotadi, lekin qizchani ushlab qolishning uddasidan chiqadi.
“Men qo‘llarimni iloji boricha cho‘zishga harakat qildim va uni ushlash uchun qo‘limdan kelganini qildim”, – deydi Ngok Man. Uning so‘zlariga ko‘ra, u hech bo‘lmaganda bolani to‘g‘ridan to‘g‘ri yerga tushishining oldini olishga umid qilgan.
“Baxtimga, chaqaloq mening quchog‘imga tushdi. Men uni quchoqladim, keyin uning og‘zidan qon ketayotganini va juda qo‘rqqanini ko‘rdim”, – deydi Ngok Man.
Qizcha kasalxonaga yotqizilgan. Shifokorlar mahalliy ommaviy axborot vositalariga ma’lumot berishicha, qizchaning oyog‘i chiqib ketgan, bundan boshqa jarohat olmagan. Qutqaruvchining esa qo‘l mushaklari cho‘zilgan.
Kuryerning so‘zlariga ko‘ra, voqeadan keyin uning hayoti “ostin-ustun bo‘lib ketgan”. Ijtimoiy tarmoqlarda va ommaviy axborot vositalarida uni qahramon deb atashmoqda, garchi Ngok Manga bu juda yoqmasa ham. U bunday vaziyatda har kim ham shunday qilishi mumkinligini aytmoqda.
Uning aytishicha, ko‘pchilik unga sovg‘alar bermoqchi bo‘lgan, ammo u rad etgan.
“Ba’zi odamlar menga telefon raqami orqali pul yuborishni boshladi. Bu meni bezovta qilmoqda. O‘zim ishlab topolmagan pulni olishni istamayman”, – dedi u. Ngok Man qizcha kasalxonadan chiqqandan so‘ng uni ko‘rgani borishini aytdi.
Bundan avval AQShda hech kim boqib olishni xohlamagan it yangi egasining hayotini saqlab qolgani, Rossiyada 6 yoshli qizcha to‘rtinchi qavatdan yiqilib tushib, omon qolgani hamda Xitoyda 61 yoshli Britaniya konsuli cho‘kayotgan qizni qutqargani haqida xabar berilgandi.