“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev “Bunyodkor” futbol klubi prezidenti etib tayinlandi, deya xabar qilmoqda klub matbuot xizmati.
1-mart kuni “Bunyodkor” futbol klubi Kuzatuv kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Unda klub moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etishni ta’minlash, shuningdek, klubga yangi prezident tayinlash masalasi ko‘rib chiqilgan.
2017-yildan beri “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining moliya va iqtisodiyot bo‘yicha boshqaruv raisi o‘rinbosari Ashurov Ulug‘bek “Bunyodkor” prezidentligi lavozimidan ishlab kelayotgandi. Uning o‘rnini Mehriddin Abdullayev egallagan.
Mehriddin Abdullayev 1969-yil Buxoro viloyati Jondor tumanida tug‘ilgan. Mutaxassisligi — iqtisodchi, huquqshunos. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Buxoro viloyati hokimligi, O‘zbekiston milliy banki va O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasida turli rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)