Kishi o‘zini qanday his qilishi, immunitet mustahkamlanishi uchun uyquning ahamiyati katta. Tinch va tiniqib uxlash uchun esa ayrim qoidalarga amal qilish va ba’zi odatlardan voz kechish kerak.

Foto: Freepik

Yog‘li taom iste’mol qilish

Kechki ovqat og‘ir va yog‘li bo‘lsa, tongda holsizlik hamda kishi o‘zini yomon his qilishi kuzatilishi mumkin. Qolaversa, tunda kaloriyaga boy va hazm qilishga qiyin ovqat iste’mol qilinganda oshqozon zo‘riqib ishlashiga to‘g‘ri keladi. Qorindagi og‘irlik esa uxlashga xalaqit qilishi mumkin.

Gadjetlardan foydalanish

Siz uxlashdan avval qo‘lingizdan qo‘ymagan telefon ekranidagi ko‘k nurlar miyani ko‘proq ishlashga majbur qiladi. Buning hisobiga hatto yarim kechasi ham uxlash qiyin bo‘ladi.

Kardiomashqlar bajarish

Doimiy jismoniy mashqlar uyquni yaxshilashi mumkin, ammo og‘ir mashqlar tabiiy bioritmga salbiy ta’sir qilib, organizmni yanada tetiklashtiradi. Bu esa, tabiiyki, uxlash qiyinlashishiga olib keladi. Tun osoyishta va tashvishsiz o‘tishi uchun sport bilan uyqudan 3 soat avval shug‘ullaning.

Ishlash

Ishlarni uyqudan bir soat avval tugatishga va bu vaqt davomida tinchlanib, ortiqcha narsalar haqida o‘ylamaslikka harakat qiling. Miyangizda qilinishi kerak bo‘lgan ishlar haqida o‘y qalashib yotadigan bo‘lsa, uxlash qiyinlashadi.

Kofein va spirtli ichimlik iste’mol qilish

Tarkibida kofein bo‘lgan mahsulotlarni uyqudan kamida ikki soat avval ichish kerak. Shuningdek, ushbu qoida spirtli ichimliklarga ham taalluqli. Yo‘qsa, uyqu notinch bo‘ladi.

Emotsional zo‘riqish

Uyqudan oldin biror mavzuda jon kuydirib muhokama qilish, bahslashish va televizor orqali emotsional o‘zgarishlarga sabab bo‘ladigan filmlarni ko‘rish sizni tinchlantirmasligi aniq. Shu sabab ham yotishdan avval o‘zingizga asabiylashtirmaydigan sharoit yaratishga harakat qiling. Kitobsevarlarga yengil novella o‘qish tavsiya qilinadi. Giyohlardan tayyorlangan shifobaxsh choy iching, issiq vanna qabul qiling va bir nechta yengil mashqlarni bajaring. Shunda uyqungiz tiniq bo‘ladi va ertalab kuchga to‘lib uyg‘onasiz.