Braziliyalik afsonaviy futbol yulduzi Ronaldinyoning onasi Migelina Eloi dos Santos 71 yoshida koronavirus sababli olamdan o‘tdi.

Foto: Twitter

Futbolchi bu voqeani o‘zining Twitter sahifasidagi asosiy rasmni qora fonga o‘zgartirish orqali bildirgan.

2020-yilning dekabr oyida sobiq futbolchining onasi koronavirusga chalingandi. Ahvoli og‘irlashgani sababli kasalxonaga yotqizilgani aytilgandi. Avvalroq Ronaldinyoning o‘zi ham COVID-19 ga chalingani ma’lum qilingan edi.

Ma’lumot uchun, Ronaldinyo 2018-yilning 16-yanvarida futbolchilik faoliyatini rasman yakunlagan. Braziliyalik futbolchining oxirgi klubi “Fluminense” bo‘ldi.

U faoliyati davomida “Gremio”, PSJ, “Barselona”, “Milan”, “Flamengo”, “Atletiko Mineyro”, “Keretaro” va “Fluminese” klublarida to‘p tepgan. Ronaldinyo Braziliya terma jamoasi safida 2002-yilgi mundialda g‘olib bo‘lgan. U, shuningdek, 2005-yil “Oltin to‘p” sovrinini qo‘lga kiritgan.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!