Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston—Qirg‘iziston chegarasida joylashgan Chashma bulog‘i oldida 2020-yil 31-may kuni ikki mamlakat fuqarolari o‘rtasida ziddiyat kelib chiqqan. O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 1-iyun kuni voqea yuz bergan joyga tashrif buyurdi va aholi bilan uchrashdi. Shuningdek, Abdulla Aripov Qirg‘iziston rasmiylari bilan uchrashib, hodisa yuzasidan muzokara olib bordi. Shu kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari mazkur hodisani telefon orqali muhokama qildi. O‘zbekiston hukumati a’zolari hududdagi muammolarni o‘rganish uchun 2-iyun kuni u yerga tashrif buyurdi.

Mojaro oqibatida 187 nafar o‘zbekistonlik kasalxonaga yotqizilgan, O‘zbekiston tomonda uchta xonadon yonib ketgan. Qirg‘izistonning Botken viloyatida esa uy va omborxona yonib ketgan, shuningdek, 25 kishi jarohat olgan. Bundan tashqari, bosh vazir Abdulla Aripov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda so‘xliklar viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevdan norozi ekanligini ham bildirgandi.