Buxoroda maktabni ta’mirlash uchun ajratilgan mablag‘larning 84 million so‘mini talon-toroj qilgan firma rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura “Daryo”ga ma’lum qildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Peshku tuman bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruv davomida 2020-yil manzilli dasturiga kiritilgan 28-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida “B.” MChJ tomonidan amalga oshirilgan qurilish-montaj ishlari o‘rganilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, firma rahbarlari tomonidan tuzilgan dalolatnomada ko‘rsatilgan, har biri 210 ming so‘m turadigan 496 dona LED LZN Megalux elektr chiroqlari o‘rniga, donasi 40,6 ming so‘m turadigan LED 6500 K JA chiroqlari o‘rnatilgan. Bu orqali firma 84 million so‘m miqdoridagi budjet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Mazkur holat yuzasidan MChJ rahbari O.B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 2-qismi va 228-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Samarqandda maktab qurgan firmaning rahbarlari 631,7 million so‘m mablag‘ni talon-toroj qilgani, Buxoroda esa qabristonni obodonlashtirishga sarflanishi lozim bo‘lgan pullar talon-toroj qilingani yuzasidan prokuratura holatni o‘rganishni boshlagani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)