Donald Tramp tarafdorlari orasida ommalashgan Parler ijtimoiy tarmog‘ining ijrochi direktori Jon Matse kompaniyadan haydaldi. Bu haqda Matsening Parler kompaniyasi xodimlariga yozgan xatiga asoslanib Meduza xabar berdi.

Foto: Getty Images

Matsening aytishicha, Parler kengashi uni 29-yanvar kuni ishdan bo‘shatgan.

“So‘nggi bir necha oy ichida mahsulotimizga bo‘lgan qarashim, so‘z erkinligiga nisbatan kuchli ishonchim va Parler’ni qay tarzda boshqarish istagim sababidan doimiy qarshiliklarga uchrab keldim. Men Parler’ni ishga tushirish uchun tun-u kun ishlab, uning uchun doim kurashib kelganman, ammo endi tarmoqning kelajagi mening qo‘limda emas”.

Reuters bilan suhbatda Matse xat mazmunini tasdiqladi. Unga ko‘ra, Parler’ni hozir ikki kishilik ijroiya qo‘mitasi boshqarmoqda.

Parler 2018-yilda tashkil etilgan va o‘zini senzurasiz Twitter sifatida tanitgan. AQShdagi 2020-yilgi prezidentlik saylovlaridan so‘ng, u amerikalik o‘ng qanot faollar orasida mashhurlikka erishdi va bir muncha vaqt Amerika App Store’da eng ko‘p yuklab olingan dastur bo‘ldi.

6-yanvar kuni AQShning o‘sha paytda amalda bo‘lgan prezident Donald Trampning tarafdorlari Kapitoliyga bostirib kirgandan so‘ng, Apple va Google Parler’ni o‘zlarining do‘konlaridan olib tashladi. Ijtimoiy tarmoqlar uchun xosting xizmatlarini ko‘rsatuvchi Amazon o‘z serverlaridan Parler’ni uzishni e’lon qildi.

Kapitoliyga bo‘lgan hujumdan so‘ng o‘zi va oilasiga nisbatan tahdidlar boshlangach, Jon Matse yashash joyini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi. Parler Rossiya xostinggiga o‘tkazildi.

Eslatib o‘tamiz , yanvar boshida Donald Trampning Twitter’dagi shaxsiy akkaunti — @realDonaldTrump zo‘ravonlikni yanada qo‘zg‘atish xavfi yuqori bo‘lgani sababli butunlay bloklangandi.

Avvalroq Hindiston hukumati 1-fevral kuni mamlakatdagi namoyishlar fonida 250 ga yaqin hind akkauntini bloklagani haqida xabar berilgandi. Hukumat sahifalarni zo‘ravonlikka da’vat etayotganida ayblagan.