O‘zbekiston va Misr hukumati o‘rtasida tuzilgan Havo qatnovi to‘g‘risidagi bitim asosida Transport vazirligi huzuridagi “O‘zaviatsiya” agentligi tomonidan Fly Egypt aviakompaniyasiga O‘zbekistonga muntazam ravishda aviaqatnovlarni amalga oshirish uchun 2021-yil 3-fevralda 7-K-sonli ruxsatnoma berildi.

Foto: Pinterest

Ruxsatnoma Qohira–Toshkent–Qohira va Sharm ash-Shayx–Toshkent–Sharm ash-Shayx yo‘nalishlarida parvozlar uchun berildi.

Aviakompaniya reyslarni Boing-737-700/800 havo kemalarida amalga oshirishini ma’lum qildi.

Bundan avval Air Arabia O‘zbekistonga muntazam parvozlarni amalga oshirish uchun 2020-yilning sentabr oyida ruxsatnoma olgandi. Kompaniya 4-noyabr kunidan boshlab Sharja–Toshkent–Sharja yo‘nalishida parvozlarni amalga oshirishni boshladi.

Bundan tashqari, Ukrainaning SkyUp Airlines aviakompaniyasi Toshkent va Kiyev o‘rtasida muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.