AQSh davlat kotibi Entoni Blinken mamlakat hukumatining Rossiyadagi norozilik namoyishlariga aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi. Bu haqda NBC News xabar bergan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyadagi noroziliklar mamlakatning ichki muammolari hisoblanadi. AQSh davlat departamenti rahbari shu tariqa Rossiya TIVning ichki ishlarga Vashingtonning aralashuvi haqidagi ayblovlariga javob qaytardi.
Rossiya TIV Vashingtonning Aleksey Navalniyni qo‘llab-quvvatlash maqsadida feyk-xabarlar tarqatayotganlik va nazorati ostidagi internet-platformalari orqali odamlarni norozilik aksiyalarida ishtirok etishga chorlayotganlikda ayblagan.
“Rossiya hukumati mazkur voqealarda bizning ham aybimiz bor deb hisoblayotgan bo‘lsa, katta xato qilmoqda. Bu ularning ichki ishlari. Muammo hukumatda. Gap Rossiya xalqining korrupsiya, avtokratiya sabab tushkunlik va umidsizlikka tushib qolganida. Bunda Rossiya hukumati ko‘proq ichkariga e’tibor qaratishi lozim va tashqarini bu ishlarda aybdor qilmasligi kerak”,— degan Blinken.
Eslatib o‘tamiz, 17-yanvarda siyosatchi Aleksey Navalniy Germaniyadan qaytishi bilan Sheremetyeva aeroportida hibsga olingan. Sud uni 15-fevralgacha qamoqda ushlab turish haqida qaror chiqargan. Ushbu voqeadan keyin 23- va 31-yanvar kunlari Rossiyaning ko‘plab shaharlarida norozilik namoyishlari o‘tkazildi va ularda 10 mingdan ziyod odam ishtirok etdi.