O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi 2021-yil 1-fevral kuni bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Senat axborot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, majlisni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva olib bordi. Majlisda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining o‘n ikkinchi yalpi majlisini 2021-yil 5-fevral kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Videokonferensaloqa shaklida bo‘lib o‘tadigan yalpi majlisda bir qator masalalar ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan. Shu jumladan, “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekistonning ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Jinoyat-protsessual kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi, “Xalqlar do‘stligi kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunlar muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 2017–2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2020-yildagi ijrosi bo‘yicha O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining hisoboti, qolaversa, Boyovut, Bo‘ston, Olot, To‘raqo‘rg‘on, Qarshi tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahrini 2020–2022-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari dasturlarining ijrosini o‘rganish natijalari muhokama qilinishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, ilmiy faoliyatni rivojlantirish uchun ko‘rilayotgan choralar, mamlakatimizda toshqinlar, sel oqimlari, ko‘chki xavfi mavjud tog‘ va tog‘oldi hududlarida joylashgan aholi punktlari hamda iqtisodiy obyektlar xavfsizligini ta’minlashga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari hamda boshqa masalalar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.
Mavzuga doir:
- Tanzila Norboyeva: Senat va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rtasida hamkorlik kuzatilmadi
- Senator Dilorom Toshmuhamedova: “Toshkent viloyatida so‘nggi ikki yilda voyaga yetmagan qizlarning homilador bo‘lib qolishi ikki barobarga ko‘paygan”
- “Bu O‘zbekiston uchun hayot-mamot masalasi”. Sodiq Safoyev Afg‘oniston—O‘zbekiston munosabatlari qanchalik muhim ekanligini tushuntirdi