Samarqand viloyatida yo‘lovchi talashib, janjallashgan taksi haydovchilariga 5 sutkadan qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda “Daryo”ga Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sud sudyasi Jonibek Raupov xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, sudlanuvchilar — Zafar Bo‘riyev, Tohir Rahmonov, Humoyunxon Karimov, Abduqahhor Abdullayev va Otabek Karimov 2021-yil 22-yanvar kuni soat, taxminan, 09:30 da Samarqand shahrining Dahbed va Ro‘dakiy ko‘chalari kesishgan chorraha yaqinida yo‘lovchi talashgan va janjal chiqarib, jamoat tartibini buzgan.
Sud hukmi bilan sudlanuvchilar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan aybli deb topilib, har biriga 5 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Viloyat transport boshqarmasi axborot xizmati rahbari Sherzod Xalilovning ma’lum qilishicha, 22-yanvar kuni sodir bo‘lgan janjalda avtobus haydovchilari va konduktorlar ishtirok etmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq avtobus va taksi haydovchilari o‘rtasida kelib chiqqan janjal haqida xabar berilib, voqeadan so‘ng avtobusga belgilangan me’yordan ortiq yo‘lovchi olib harakatlangan haydovchiga nisbatan ma’muriy tartibda chora ko‘rilgani, viloyat Transport boshqarmasi xodimlari haydovchi bilan profilaktik suhbat o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.