“Avto 60 oy” mansabdori Jamshid Bahodirov 19,3 ming nafar fuqarodan olingan 54,3 milliard so‘m miqdordagi pullarning 70 foizi hisob raqamida turganini, unga imkon berilsa, hammaning pulini to‘lab berishi mumkinligini bildirdi. Bu haqda “Avto 60 oy” MChJ mansabdorlari ishi ko‘rib chiqilayotgan navbatdagi sud majlisida ma’lum qilindi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.
Ta’kidlanishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi sudyasi Dilmurod Valiyev raisligidagi navbatdagi sud majlisi 2021-yil 1-fevral kuni bo‘lib o‘tgan va unda 40 nafar qashqadaryolik jabrlanuvchi tinglangan.
“Ma’lum bir sabablarga ko‘ra, 2019-yil 14-oktabr kuni ichki ishlar organlari faoliyatimni noqonuniy deb topib, meni qamoqqa oldi. Menga dastlab, firibgarlik qilish degan aybni qo‘yishdi. Keyinchalik esa ayblov moddasi Jinoyat kodeksining 188-1-moddasi 1-qismi (pul mablag‘larini va boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat) bilan almashtirildi. Ammo men firibgarlik qilganimda, sizlarning pullaringizdan bir so‘m ham qolmasdi. Bo‘ynimga qo‘yilgan 54 milliard so‘mning 70 foizi hozir hisob raqamimda turibdi deb taxmin qilyapman. 16 oy davomida qamoqda o‘tiribman. Menga imkon berib chiqarishsa, hammaning pulini to‘liq to‘lab beraman. Biroq 16 oy davomida menga qo‘yilgan qamoq ehtiyot chorasi o‘zgartirilmayapti va menga chiqib, odamlarning pulini to‘lab berishimga imkon berilmayapti. Agar sizlar ho‘p desalaringiz, menga imkon berishsa va men chiqib pullaringizni to‘lab bersam, nima deysizlar?”, — dedi sudlanuvchi Jamshid Bahodirov jabrlanuvchilarga savol berar ekan.
Jamshid Bahodirovning sudda aytishicha, unga dastlab UzAuto Motors AJ ustingdan shikoyat qildi deb ayblov qo‘yilgan. Keyinchalik aniqlashtirilishicha, UzAuto Motors AJ tomonidan shikoyat tushmagan bo‘lgan va uni qamoqqa olishgach, shikoyat IIV tomonidan yozdirib olingan.
Mazkur ish sud tomonidan ko‘rilayotganiga 6 oy 4 kun bo‘ldi
Chilonzor tuman sudi sudyasi Dilmurod Valiyevning ma’lumot berishicha, “Avto 60 oy” mansabdorlari ishi bo‘yicha boshlangan sud ishiga 2021-yil 1-fevral kuni 6 oy 4 kun bo‘ldi.
“Sud aslida o‘z ishini 6 oy muddatda yakulashi kerak edi. Biroq 2021-yil yanvar oyida bu ish bo‘yicha yana 1128 nafar fuqaro shikoyat qilgani va jinoyat ishiga birlashtirilgani sabab yana muddat qo‘shilmoqda. Va biz aynan shu jabrlanuvchilarni tinglayapmiz. Taxminan ikki yoki uchta viloyat qoldi. Shuni yakunlasak, keyin prokuror va himoyachilarning muzokara so‘zi eshitiladi. Hozirda sud 4-fevral kuni yakunlanar ekan degan gap yuribdi. Yo‘q, bu yolg‘on. Hali muzokara so‘zlari va undan keyin sud maslahat uyiga kirish jarayonlari bor”, — dedi sudya.
Sudyaning qo‘shimcha ma’lumot berishicha, ayni kunga qadar sud 10 mingga yaqin jabrlanuvchining ko‘rsatmalarini tinglagan.
Qashqadaryolik jabrlanuvchilar nima deydi?
Ma’lum bo‘lishicha, 2021-yil 1-fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudi binosida to‘plangan jabrlanuvchilar videokonferensaloqa tarzida Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudiga bog‘langan va 78 nafar jabrlanuvchi tinglanishi ko‘zda tutilgan. Biroq shu kungi sud majlisiga 40 nafar fuqaro to‘plangan. Shunda ham jabrlanuvchilarning o‘rniga kelgan yaqinlari ko‘rsatmasi tinglanmagan.
“2019-yil Toshkentdagi Zarqaynarga borib, 3 million so‘m to‘lov qilganman. O‘shanda to‘lov qilmasdan, shunchaki ko‘rib kelaman deb borgandim. To‘qqizinchi navbatga yozilib, ichkariga kirdim. Qarasam, yuzlab odam navbatga yozilgan. Ko‘z oldimda bir Nexia-3, Damas va Cobalt’ning kaltini berib yuborishgach, ishondim-da, to‘lov qilib qo‘ydim. Endi bilsam, aldangan ekanman”, — deydi kosonlik jabrlanuvchi Husan Sattorov.
“Bularning reklamasi va gapiga ishonib, 4 ta mashinaga 12 million so‘m to‘lov qilganman. Ammo bugungi kunga kelib, na mashina bor va na pul. Suddan adolat kutyapmiz”, — deydi beshkentlik jabrlanuvchi Zafar Qodirov.
“‘Avto 60 oy’ning reklamalarini eshitib, odamlar pul to‘layotganini bilib, 2019-yil 26-avgustda Qarshi shahridagi ofisiga borib, 3 million so‘m to‘lov qilgandim. Keyin bilsak, aldangan ekanmiz va sud jarayonlarida ishtirok etyapmiz. Ammo hali pulimizni ololmadik”, — deydi qamashilik jabrlanuvchi Oybek Bobonazarov.
Ma’lum bo‘lishicha, jabrlanuvchilar orasida 10 million so‘m to‘lov qilganlar ham bor.
“35 kunda Lacetti olib chiqib beramiz deyishgani uchun 10 million so‘m to‘lov qilgandim. Endilikda o‘sha pulimga kuyib o‘tiribman. Suddan adolat kutyapman”, — deydi yana bir jabrlanuvchi Nusrat Akromov.
Eslatib o‘tamiz, “Avto 60 oy” MChJning mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan 2019-yil 12-oktabr kuni Jinoyat kodeksining 188-1-moddasi 1-qismi (pul mablag‘larini va/yoki boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi. Ushbu jinoyat ishi bilan bog‘liq tergov harakatlari 2-iyun kuni yakunlandi.
Tergov materiallariga ko‘ra, “Avto 60 oy” MChJ vakillari fuqarolarga UzAuto Motors avtomobillarini dastlabki to‘lov va foizlarsiz bo‘lib to‘lashga sotib olishni taklif qilib, 19,3 ming mijoz bilan shartnoma tuzib, ularning 54,3 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘larini jalb qilgan. Yetkazilgan moddiy zararning 36,8 milliard so‘mi tergov davomida qoplangan.
5-avgust kuni “Avto 60 oy” MChJ mansabdorlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha sud ishi boshlangandi.