Hozirda Tojikistondan elektr energiyasi faqat Afg‘onistonga yetkazib berilmoqda, O‘zbekiston va Qirg‘izistonga yetkazib berish to‘xtatilgan. Bu haqda Tojikiston energetika va suv resurslari vaziri Daler Jumaga tayanib, Asia-Plus xabar berdi.
“O‘tgan yili mamlakatning barcha daryolarida suv oqimi kamaydi, natijada hukumat mamlakat aholisini kuz va qishda uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida eksportga cheklovlar kiritdi”, — deydi vazir.
Shuningdek, uning ta’kidlashicha, 2019-yilgi eksport 2020-yil bilan taqqoslansa, pasayish 48 foizni tashkil etgan.
“Hozirgi kunda Tojikistondan qo‘shni mamlakatlarga elektr uzatish liniyalari orqali minimal oqim uzatilmoqda. Bu uzatish liniyalarini bir-biriga bog‘lab turish uchun zarurdir”, — deydi Daler Juma.
“Barki Tojik” AJ vakili matbuot anjumanida “Qirg‘iziston va O‘zbekistonga elektr uzatish liniyalari” ulangan bo‘lsa-da, elektr energiyasi na O‘zbekistonga va na Qirg‘izistonga eksport qilinmayotganini aytgan.
Ta’kidlanishicha, 2020-yilda Tojikistonda jami 19 milliard 770,5 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Shundan eksport uchun qiymati 56,4 million dollardan ortiq bo‘lgan 1 milliard 528,4 million kVt/s elektr energiyasi sarflangan. Ishlab chiqarilgan elektr energiyasi 2019-yilga nisbatan 905,7 million kVt / soatga kam.
Avvalroq Tojikistonning ko‘p qavatli uylari bo‘lmagan qishloq joylariga elektr energiyasini yetkazib berishga cheklov kiritilgan edi. Ushbu qaror Nurek suv omboridagi suv sathi 2020-yilning shu davriga nisbatan 4 metr past bo‘lganligi sabab qabul qilingan.
Mavzuga doir: Qozog‘iston va Qirg‘iziston elektr uzilishlariga O‘zbekiston elektr tizimidagi muammolarni sabab qilib ko‘rsatdi