“O‘zbekneftgaz” AJning xalqaro standartlari (MHXS) asosida 2019-yil uchun tuzilgan moliyaviy hisobotiga Ernst & Young auditorlik kompaniyasi tomonidan navbatdagi ijobiy xulosa berildi.
2019-yil 9-iyul kuni imzolangan “Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, neft-gaz tarmog‘ini moliyaviy sog‘lomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ 4388-son va 2020-yil 24-fevralda PQ 4611-son bilan tasdiqlangan “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlarning ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJda xalqaro auditorlik va konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda, mustaqil tashqi moliyaviy audit o‘tkazilmoqda.
Jahondagi yirik to‘rtta auditor-konsalting kompaniyalaridan biri hisoblanmish Ernst & Young auditorlik kompaniyasi, oldin ma’lum qilganimizdek, “O‘zbekneftgaz” AJning 2016–2017 va 2018-yillar faoliyati bo‘yicha MHXS asosida tuzilgan konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobot (220 dan ortiq tizim korxona va tashkilotlar hisoboti jamlangan) yuzasidan ijobiy auditorlik xulosalarini bergan edi.
Ma’lumotnoma: “O‘zbekneftgaz” AJning 2016–2017-yillardagi hisoboti uchun 2020-yil 5-iyunda, 2018-yil hisoboti uchun 2020-yilning 24-noyabrida ijobiy auditorlik xulosalari olingan va rasmiy veb-sayt hamda uzblog.ung.uzda e’lon qilingan.
Shuning bilan bir qatorda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-oktabrdagi PF 6096-sonli farmoni talablarini bajarish yuzasidan “O‘zbekneftgaz” AJda biznes jarayonlarni transformatsiya qilish, xalqaro korporativ kredit reytingini olish hamda xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilishni jadallashtirish maqsadida boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev tomonidan “O‘zbekneftgaz” AJni transformatsiya qilish va xalqaro kredit reytingini olish hamda moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) bo‘yicha hisobotlarni taqdim etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, unga muvofiq “O‘zbekneftgaz”AJ 2016–2019-yillar uchun barcha konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlar xalqaro reyting agentliklariga taqdim etish boshlab yuborilgan.
Joriy yilning 31-yanvar kuni Ernst & Young xalqaro auditorlik kompaniyasi tomonidan “O‘zbekneftgaz” AJning MHXS asosida 2019-yil uchun tuzilgan konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobot (200 dan ortiq korxona hisobotlari jamlangan) bo‘yicha kutilgan ijobiy auditorlik xulosasi berildi.
Shubhasiz, mazkur auditorlik xulosasini olishda va konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobot ko‘rsatkichlarining shaffofligini ta’minlashda bir qator ekspert hisobotlari ham talab etildi.
Jumladan, jamiyatning 2019-yil 31-dekabr holatida yerosti uglevodorodlar zaxirasi jahonda mashhur DeGoleyer & MacNaughton konsalting kompaniyasi, tizim bo‘yicha asosiy vositalar va tugallanmagan qurilish obyektlarining haqqoniy qiymati qadrsizlanishi (iqtisodiy eskirishi) hamda “O‘ztransgaz”AJning aksiyadorlik kapitalidagi ulushning haqqoniy qiymati KPMG Tax & Advisory baholovchi kompaniyasi, xodimlar oldidagi ijtimoiy majburiyatlarning aktur hisob-kitobi Actuary Service kompaniyasi tomonidan baholab berildi.
Konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlar bo‘yicha olingan mazkur auditorlik xulosalari asosida “O‘zbekneftgaz” AJ xalqaro reyting agentliklari, moliyaviy va yuridik konsultantlar bilan hamkorlikda korporativ kredit reytingini olish, xalqaro fond birjalarida o‘z yevroobligatsiyalarini emissiya qilish, xalqaro standartlar asosida korporativ boshqaruvni tadbiq etish va boshqa progressiv tizimlarni joriy etishni maqsad qilgan.
“O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati