Xitoydan Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga import tovarlarini tashish bilan shug‘ullanuvchi avtofura haydovchilariga Toshkent viloyatida joylashgan “Yallama” chegara-bojxona posti orqali o‘tish jarayonida bojxona rasmiylashtiruvini tezlashtirishni bahona qilib, ulardan tovlamachilik yo‘li bilan pul undirib kelgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi, deb xabar beradi “Xalq so‘zi online”.

Foto: “Xalq so‘zi online”

Ma’lum qilinishicha, DXX xodimlari tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Davlat bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida mazkur jinoiy guruh soxta hujjatlar yordamida tovar-moddiy boyliklar importi bilan ham shug‘ullanganligi aniqlangan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda guruh a’zolariga tegishli bo‘lgan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi 6 ta manzilda tintuv tergov harakatlari amalga oshirilgan. Natijada ulardan 410 ming AQSh dollari, turli ko‘rinishdagi 21 dona soxta muhr va shtamplar, kompyuter texnikalari hamda bojxonaga oid shubhali hujjatlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Hozirda jinoiy guruh a’zolariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularning ikki nafar yetakchisiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Shuningdek, tergov harakatlari doirasida guruh faoliyatiga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yilda ham “Yallama” postida haydovchilar va tadbirkorlardan pora olib kelgan jinoiy guruh faoliyati fosh qilingandi.