AQShning saylangan prezidenti Jo Baydenning maslahatchilari Eron bilan yadro kelishuvini qayta tiklash haqidagi muzokaralarni boshladi. Bu haqda Isroilning 21-telekanaliga tayanib, “RBK” xabar bermoqda.

Foto: AP Photo

Kanal ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh rasmiy shaxslari Bayden inauguratsiyasidan bir necha kun avval Isroilga Tehron bilan yadro quroli ishlab chiqish borasidagi cheklovlar bo‘yicha muloqot qayta boshlangani haqidagi axborotni yetkazgan.

Quddus o‘z tomonidan yadro bitimining kengaytirilishiga erishmoqchi: u bitimga Eron ballistik raketalar dasturiga, shuningdek, Tehron tomonidan terrorchilik faoliyatining qo‘llab-quvvatlanishiga nisbatan cheklovlarni kiritmoqchi.

AQSh 2015-yilda qabul qilingan Keng qamrovli qo‘shma harakatlar rejasidan 2018-yilda chiqqan, u Eron tomonidan boyitilgan uran ishlab chiqarilishiga nisbatan cheklovlarni ko‘zda tutardi. Shundan so‘ng bitim mavjud bo‘lishdan deyarli to‘xtadi.

Noyabr oxirida Eron shimolidagi Mozandaron viloyatida Eronning “yadro dasturi otasi” olim Muhsin Faxrizoda o‘ldirib ketildi. U o‘tirgan avtomobil masofadan turib boshqarilgan yirik kalibrli quroldan o‘qqa tutildi. Tehronning fikricha, yadro sohasi olimining o‘limiga Isroil aloqador.

Shundan keyin 2021-yil yanvarida Eron Fordodagi yadro obyektida 20 foizgacha boyitilgan uran ishlab chiqarishni boshladi. AQSh Davlat departamentida buni “yadroviy tovlamachilikka urinish” deb atadi va Tehronning yadro dasturi oxir-oqibat muvaffaqiyatsizlikka uchrashiga ishonch bildirdi.

Bayden saylovoldi kampaniyasi chog‘ida Vashington Tehron bilan yadro bitimi bo‘yicha muloqotni qayta boshlashi mumkinligi haqida bir necha marta aytib o‘tgan. 3-noyabrdagi saylovlardan keyin Amerika OAVlari saylangan prezidentning jamoasi Keng qamrovli qo‘shma harakatlar rejasiga qaytish imkoniyatini muhokama qilayotgani haqida xabar bergandi.

The New York Times gazetasi esa 2020-yil noyabrida amaldagi prezident Donald Tramp o‘z maslahatchilari bilan Fordodagi obyektga zarba berish imkoniyatlarini muhokama qilgani haqida yozgandi. Nashr manbalariga ko‘ra, shu tariqa Tramp Baydenning yadro bitimini qayta tiklash rejalarini qiyinlashtirmoqchi bo‘lgan.