Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Eron Fordodagi yadro obyektida uranni 20 foizgacha boyitish jarayonini boshladi. Bu haqda mamlakat hukumatining rasmiy vakili bergan bayonotga tayanib, Mehr agentligi xabar berdi.

Foto: EPA

Foto: EPA

Mamlakat hukumati bunday urandan yiliga kamida 120 kilogramm ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Tehronda qayd etishlaricha, Xalqaro yadro energetikasi agentligini allaqachon o‘z rejalari haqida xabardor qilishgan.

Eron hukumati ta’kidlashicha, agar 2015-yilda yadro bitimida qatnashgan boshqa mamlakatlar kelasi uch oy davomida o‘z majburiyatlariga amal qilishni yana boshlasa, Tehron yuqori darajada boyitilgan uran yaratishdan voz kechishi mumkin.

Hokimiyat tepasiga Donald Tramp kelishi bilan darhol AQSh Tehronni bitim shartlarini buzishda ayblab, undan chiqish istagini bildirgandi. Rasman esa bu 2020-yil bahorida amalga oshirildi — o‘shanda Vashington bir tomonlama tartibda Eronga qarshi sanksiyalarni qaytargan edi. Tehron va Yevropa mamlakatlari o‘shanda kelishuvni saqlab qolishga harakat qilishlarini aytgandi.

Trampning vakolatlari 20-yanvar kuni tugaydi. Uning prezident lavozimidagi davomchisi Jo Bayden avvalroq Eron bilan muzokaralarni qayta boshlashga tayyorligini bildirgan.

Yadro kelishuviga muvofiq, Eron uranni 3,67 foizdan ortiq boyitishni bekor qilgan edi. So‘nggi oylarda Eron bu darajadan oshdi, ammo shu paytgacha uranni 4,5 foizdan ortiq boyitmagan.

Eron va xalqaro vositachilar oltiligi (Rossiya, AQSh, Xitoy, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya) 2015-yil oxirida bitim tuzgan. Eron sanksiyalar bekor qilinishi evaziga uranni muayyan darajadan ortiq boyitmaslik va inspektorlarni o‘z obyektlariga kiritish majburiyatini olgan edi.

Uranni boyitish — urandagi U-235 izotopi ulushini oshirish jarayoni. Tarkibidagi izotop 20 foizdan oshsa, uran yuqori darajada boyitilgan deb hisoblanadi — bunday uran yadro qurolini yaratishda foydalanilishi mumkin. Energetika reaktorlarida past darajada boyitilgan uran qo‘llaniladi.

Avvalroq Eron Qum shahri yaqinidagi Fordo uranni boyitish zavodi hududida yangi yerosti yadro inshootini qurishni boshlagani xabar berilgan edi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
“Turkiya yangi dunyo tartibining markazida bo‘lishi kerak” — Erdo‘g‘on
Mahalliy
Andijonda 41 kishi jarohatlangan avtohalokat qurbonlari soni 4 nafarga yetdi
Mahalliy
O‘zbekistonda pomidor narxi barqarorlashdi