Estoniyada Markaz partiyasining rahbari Yuri Ratas Porto Franco kompaniyasiga davlat tomonidan imtiyozli kredit berish to‘g‘risidagi jinoiy ishda gumon qilingani sabab bosh vazir lavozimidan iste’foga chiqishini e’lon qildi. “RBK”ning xabar berishicha, bu haqda u o‘zining Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi.

Foto: EPA

“Bugun e’lon qilingan prokuratura gumoni kimdir aniq aybdor ekanligini anglatmaydi. Ammo ular barcha ishtirokchilarga muqarrar ravishda jiddiy soya soladi. Bunday vaziyatda barcha holatlarga oydinlik kiritish va aniqlikka erishish imkoniyatini berish maqsadida iste’foga chiqish eng to‘g‘ri yo‘l bo‘lib ko‘rinadi”, — deb yozgan Ratas.

ERR portalining ma’lum qilishicha, 12-yanvar kuni Estoniya xavfsizlik politsiyasi Markaz partiyasining bosh kotibi Mixail Korb, moliya vazirining maslahatchisi Kersti Kraxt va tadbirkor Hillari Tederl jinoyatda gumon qilinayotganini e’lon qildi.

Estoniya xavfsizlik politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, Teder va Korb kelishuviga asosan, tadbirkor mahalliy saylovlar oldidan Markaz partiyasiga 1 million yevrogacha xayriya qilishga kelishib olgan. Buning evaziga Korb Tallin meriyasiga ta’sir o‘tkazib, Tederga tegishli Porto Franco firmasiga Tallinda qurilayotgan obyektlarda chegirmali narxlarda kirish yo‘llarini qurish uchun imkoniyat yaratib berishni va’da qilgan.

Moliya vaziri maslahatchisi Kersti Kraxt Tederga vazirlikdagi vakolatidan foydalanib, Porto Franko firmasi taklifi bo‘yicha ijobiy qaror qabul qilishga kelishib olganlikda gumon qilinmoqda. Bundan tashqari, mansabdor  kredit ajratishda qulay shartlar yaratib berishni va’da qilgan.

Estoniya politsiyasining ma’lumotiga ko‘ra, Krakt xizmatlari uchun Tederdan pora olishi kerak bo‘lgan. Ammo biznesmen va Kraxt qo‘lga olingani sababli bu amalga oshmay qolgan. Ular, shuningdek, pora olishni yashirish maqsadida “pul yuvishda”  gumon qilinmoqda.

Kimligi oshkor qilinmagan yana ikki shaxs ham gumon qilinmoqda. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, ulardan biri pora oldi-berdisida yordam bergan, ikkinchisi mansabni suiiste’mol qilish bilan bog‘liq. Partiya bosh kotibi Korbadan tashqari, barcha gumonlanuvchilar qo‘lga olingan.

DW’ning yozishicha, bosh vazir iste’fosidan so‘ng mamlakat prezidenti Kersti Kalyulayd muxolifatchi Islohotlar partiyasi raisiga yangi hukumat shakllantirishni topshirdi.