Navoiy viloyatining Navbahor tumani hududidan o‘tuvchi 4-R-57 avtomobil yo‘lining 29-kilometrida Nexia haydovchisining yo‘l harakati xavfsizligiga rioya qilmasligi 8 yoshli qizaloqning o‘limiga sabab bo‘ldi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat IIB YHXB matbuot guruhi katta inspektori Farruh Yakubov xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, YTH 2021-yilning 5-yanvar kuni sodir bo‘lgan.

Voqea joyiga zudlik bilan yetib kelgan tergov guruhining dastlabki xulosasiga ko‘ra, Nurota—Navbahor yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan Nexia haydovchisi Q.O‘. tuman bo‘lishiga qaramasdan tezlikni oshirgan va boshqaruvni yo‘qotgan. Natijada avtomobil yo‘l chetiga chiqib ketib, bir necha bor ag‘darilgan.

Avtomobilning bir necha bor ag‘darilishi sabab mashina salonida bo‘lgan 8 yoshli qizaloq M.J. turli darajadagi tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan.

Navoiy viloyati IIB TB bo‘limi boshlig‘i Nurbek Rahmatovga ko‘ra, haydovchi yo‘lning holati, ob-havoning namligi va tumanni inobatga olmay tezlikni oshirgan va YTHni keltirib chiqargan. Shu boisdan ham unga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiyda o‘quvchilarni fan olimpiadasiga olib ketayotgan Nexia avariyaga uchragani va oqibatda bir nafar o‘qituvchi o‘quvchisi bilan birga vafot etgani haqida xabar berilgandi.