2020-yilning dekabrida Apple o‘zining haydovchisiz boshqariladigan avtomobillarini 2024-yildan boshlab taqdim etishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘lgandi. IXBT’ning Bloomberg nashriga tayanib yozishicha, Apple loyihasi ustida hozircha kichik bir jamoa ish olib bormoqda.

Foto: IXBT

Ayni vaqtda ishlar boshlang‘ich nuqtada bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlariga qadar besh yil o‘tishi kerak.

Hyundai vakili bilan gaplashishga muvaffaq bo‘lgan CNBC telekanalining ma’lum qilishicha, u Apple bilan avtomobil yaratish bo‘yicha muzokaralar rostdan ham o‘tkazilayotganini tasdiqlagan. Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Apple jahondagi ko‘plab yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilar bilan, jumladan, Hyundai Motor bilan muzokaralar o‘tkazmoqda. Ayni vaqtda muzokaralarning dastlabki bosqichi davom etmoqda va “hozircha hech narsa hal etilmagan”.

Eslatib o‘tamiz, kompaniya avtopilotni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha ruxsatnomani 2017-yilda qo‘lga kiritgan. Kompaniya o‘z avtomobilini yaratishga tayyorlanayotgani to‘g‘risidagi mish-mishlar kamida 5 yil oldin tarqalishni boshlagan. Xususan, 2015-yili Apple 2019-yilgacha o‘z elektromobilini taqdim etishi to‘g‘risida xabar berilgandi.