Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan Makro supermarketi ichiga Lacetti kirib ketgani haqida xabar berilgandi. Mazkur holat yuzasidan YHXBB ma’lumot berdi.

Kadr: Videodan skrinshot

Ma’lum qilinishicha, 2021-yilning 7-yanvar kuni soat 13:50 larda Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani Gyote-5 ko‘chasida haydovchi, 1983-yilda tug‘ilgan J.Sh. Lacetti rusumli transport vositasida harakatlanib kelib, ushbu ko‘chada joylashgan Makro supermarketi yaqiniga to‘xtagan.

Haydovchi o‘t oldirgich kalit va farzandini qarovsiz qoldirib, o‘zi supermarket ichiga kirib ketgan. Avtomobilda bo‘lgan 8 yoshli farzandi o‘t oldirgich kalitni burab yuborishi oqibatida avtomobil harakatlanib ketgan va supermarket oynasini sindirib, ichkariga kirib to‘xtagan.

Hodisa natijasida tan jarohati olganlar yo‘q.

Mazkur hodisa yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq Toshkentda YPX xodimini mashinasi kapotida sudrab ketgan haydovchiga chora ko‘rilgani hamda Qashqadaryoda fuqarolarni so‘kkani aytilayotgan YPX inspektoriga hayfsan berilgani haqida xabar berilgandi.