Xonanda Jasur Umirov voyaga yetmagan Sh.M.ning nomusiga teggani yuzasidan 2020-yilning 9-oktabr kuni Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olingan edi.

Samarqand viloyati prokuraturasining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, jinoyat ishi tergovi yakunlanib, 5-yanvar kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudiga yuborilgan. Oliy sudning qayd etishicha, ushbu sud yopiq tarzda o‘tkaziladi.

Ta’kidlanishicha, Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 3-qismi “a” bandi bilan ayblangan Jasur Umirovga oid jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudiga kelib tushgan.

Shu bilan birga, ushbu jinoyat ishi doirasida A.Z. va Sh.Q. ham Jinoyat kodeksining 238-moddasi (yolg‘on guvohlik berish) 1-qismi va 241-moddasi (jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish) 2-qismi bilan ayblanib sudga berilgan.

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchi Jasur Umirovga “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi, ayblanuvchilar A.Z. va Sh.Q.ga “garov” ehtiyot choralari qo‘llanilgan.

Jinoyat ishi 2021-yil 6-yanvar kuni Jinoyat-protsessual kodeksining 391-moddasi (jinoyat ishining hududiy jihatdan sudlovga tegishliligi) tartibida, ya’ni jinoyat sodir etilgan hududdagi jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudiga mazmunan ko‘rib chiqish uchun yuborilgan.

Ushbu jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi 1-qismi (jinsiy jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar ko‘rilayotgan sud) talablariga muvofiq yopiq tarzda ko‘rib chiqiladi.

Ishni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha alohida bayonot berilishi ma’lum qilingan.

Avvalroq bu ish bo‘yicha xonanda Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida litseyning birinchi kursini endigina tamomlagan, voyaga yetmagan qizning nomusiga teggani, IIB esa xonandaga nisbatan jinoiy ish ochishni rad etgani, Bosh prokuratura qaror qonuniyligini tekshirishi ma’lum qilingandi. Shundan so‘ng Bosh prokuratura mazkur holat bo‘yicha qo‘shimcha tekshiruv tayinlangani haqida xabar bergandi.