O‘zbekistonning mashhur xonandasi Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida litseyning birinchi kursini endigina tamomlagan, voyaga yetmagan qizning nomusiga teggani, IIB esa xonandaga nisbatan jinoiy ish ochishni rad etgani, Bosh prokuratura qaror qonuniyligi tekshirilishi ma’lum qilingandi. Shundan so‘ng Bosh prokuratura mazkur holat bo‘yicha qo‘shimcha tekshiruv tayinlangani haqida xabar bergandi.

Foto: “Daryo”

Jabrlanuvchining yaqinlari va ichki ishlar idoralaridagi manbasiga tayanib, “Kun.uz” nashri mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berdi.

Nashrning yozishicha, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasiga ko‘ra, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlarini Samarqand viloyat IIB Tergov boshqarmasi olib borayotgani aytilmoqda.

“Vaziyatni prokuratura nazoratga olgach Kattaqo‘rg‘on tumaniga borib, hodisa sodir bo‘lgan uy IIB vakillari hamrohligida o‘rganildi. 10-oktabr kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Shundan so‘ng tergovga chaqirishdi. Tergovga J.U. ham chaqirilgandi, ammo o‘sha voqea sodir bo‘lgan kunda xonandaning yonida turgan ikki sherigi keldi, xolos.

Istardikki, bu safar tergov bir tomonlama bo‘lib qolmaydi, xolislik ta’minlanadi”, — deya ma’lum qilgan qizning otasi.

“Haqiqatan ham qiz o‘sha kuni o‘zining zo‘rlangani haqida aytmoqda. Zo‘rlash va nomusga tegish alomatlari bo‘lgani sababli joriy yilning 10-oktabrida holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirgi vaqtda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Inson sha’ni va qadr-qimmati bilan bog‘liq bo‘lgani sababli tergovning boshqa tafsilotlari oshkor qilinmaydi. Tergov yakuniga ko‘ra, qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”, – deya ma’lum qilgan ichki ishlar idoralaridagi manba.

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 118-moddasiga ko‘ra, nomusga tegish, ya’ni zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib, jinsiy aloqa qilish sodir etilgan jinoyatning og‘irlik darajasiga qarab 3 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.