Argentinada 29-dekabr kuni aholini Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasi yordamida COVID-19 kasalligiga qarshi emlash boshlandi, deb xabar beradi Argentina ommaviy axborot vositalariga tayanib “Interfaks”.

Foto: EPA

Vaksinatsiya mamlakatning barcha to‘qqiz viloyatida bir vaqtda boshlandi. Ushbu bosqichda asosan tibbiyot xodimlari emlanadi. Buenos-Ayresda birinchi bo‘lib gubernator Aleks Kisilloff, viloyat sog‘liqni saqlash vaziri Nikolas Kreplak va hamshira emlangan.

Eslatib o‘tamiz, 23-dekabr kuni Argentina mamlakatda “Sputnik V” vaksinasidan foydalanishni ma’lum qildi.

Keyinchalik Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya jamg‘armasi Argentinaga 300 ming doza “Sputnik V” vaksinasini yetkazib berilishi haqida xabar berdi. Jamg‘armaning ta’kidlashicha, bu rejalashtirilgan 10 million dozaning bir qismi bo‘lgan.

Gamaleya ilmiy markazining direktori Aleksandr Gunzburg ta’kidlashicha, Argentina “Sputnik V” vaksinasining faqat birinchi komponentini olgan, ikkinchisi uch hafta ichida yetkazib beriladi.

Argentina “Sputnik V” vaksinasidan tashqari, AQShning Pfizer va Germaniyaning BioNTech kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan vaksinalarni ham tasdiqlagan.

Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtgacha Buyuk BritaniyaRossiyaAQShShveysariya, BAA, Vengriya, Germaniya, Fransiya, Ispaniya, Avstriya, Bolgariya, Chexiya, Italiya, Slovakiya hamda Gretsiyada ommaviy emlash boshlangan.