Toshkent shahrida iyun oyida tilanchilik bilan shug‘ullanayotgan 300 nafarga yaqin shaxslar aniqlanib, tegishli choralar ko‘rildi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

Jumladan, 70 nafariga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 188-prim 3-moddasiga asosan (tilanchilik qilish) maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan, 47 nafari maʼmuriy jarimaga tortilgan.
Shuningdek, 68 nafari bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan va sud tomonidan ogohlantirilgan. Shu bilan birga, 44 nafar voyaga yetmagan bola Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlariga topshirilgan.
Bundan tashqari, 15 nafarining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari aniqlanmagani sababli Reabilitatsiya markaziga yuborilgan, 2 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 127-prim 1-moddasiga asosan (tilanchilik qilish) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Qolgan shaxslarga nisbatan tekshiruv ishlari davom etmoqda.

2025-yilning yarim yillik hisobotida tilanchilik bilan shug‘ullangan 1880 nafar shaxs aniqlangani taʼkidlangan.
Qonunchilikda belgilangan jazo turlari
Maʼlumot uchun, bu turdagi huquqbuzarlik bilan shug‘ullanish BHMning 3 baravarigacha miqdorda jarima (1 mln 125 ming so‘m) solishga yoki 15 sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Voyaga yetmagan shaxslarni, keksa yoshdagi shaxslarni, ruhiy holati buzilgan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni va boshqa shaxslarni tilanchilik qilishga jalb etish, shuningdek, shaxslarga alkogolli ichimliklarni yoxud giyohvandlik moddalari yoki psixotrop moddalar bo‘lmagan, lekin shaxsning aql-idrokiga taʼsir ko‘rsatuvchi moddalarni majburan isteʼmol qildirgan holda ularni tilanchilik qilishga jalb etish BHMning 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga (3 mln 750 ming so‘m) yoki 15 sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Shunday qilmish maʼmuriy jazo qo‘llangandan keyin sodir etilsa, jinoiy javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi va 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Izoh (0)