“Daryo” saytida haftaning eng muhim va muhokamali xabarlari sharhini boshlaymiz.
Mitti videolar servisi bo‘lgan TikTok bu yili O‘zbekistonda anchagina ommalashdi. Shunday ommalashdiki, trafik sarfi bo‘yicha O‘zbekistonda Telegram va Youtube’dan keyingi o‘ringa chiqib oldi. Ayni vaqtda O‘zbekistonda eng ko‘p yuklab olinayotgan mobil dastur ham TikTok’dir. Tiktokerlar esa yoshlar orasida ko‘paygandan ko‘paydi. Kechagina o‘n ming, yuz ming obunachim bor deb g‘ururlangan Telegram’chi va Facebook’chi blogerlar tiktokerlar oldida ip esholmay qoldi (albatta son borasida). Xo‘sh, TikTok shunchalik ommalashibdi, nima qilish kerak? TikTok’chilarni taqdirlash kerak, albatta.
23-dekabr kuni Tashkent City TikTok Awards 2020 taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosim TikTok’chilarni qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekistonda videoblogingni ommalashtirish maqsadida uyushtirildi. Unda qator san’atkorlar bilan birga Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev qatnashdi. U tadbirni dunyodagi birinchi tiktokerlar bayrami deb atadi. Shuningdek, u “...biz har doim siz bilan birgamiz. Hozir siz olayotgan videolar kim uchundir yengil-yelpi ko‘rinar, lekin bu sizning yoshingiz kategoriyasi. Yoshingiz ulg‘aygach, nisbatan jiddiyroq, yaxshiroq videolar ham olasiz...”, deya tiktokerlarni qo‘llab-quvvatladi.
* * *
Poytaxtni Farg‘ona vodiysi bilan bog‘lovchi Qamchiq dovonida kalishga monument o‘rnatildi. Ha, o‘zimiz orqasini bosib kiyib yuradigan usti qora, ichi qizil kalishga.
Ushbu ajoyib monument ochilishida ustazoda san’atkor Javohir Zokirov so‘zga chiqib, “bu oddiy kalish emas”, deb uni maqtadi. Kalish monumenti ochilish tadbirida surnaychi va doirachilar ijrolari bilan ishtirokchilarning kayfiyatini ko‘tardi.
Bunday olib qaralsa, bu monument bozor iqtisodiyoti sharoitida xalqona brend, jaydari marketing. Ammo boshqa mamlakatlarda choptirayotgan bolaga, itga, otga, tufliga qo‘yilgan monumentlar borligini bilmaganlar kalish monumentini ham tanqid bilan siylamasdan qolmadi. Shundan so‘ng ko‘p o‘tmasdan monumentdan kalishni olib tashlashdi. Bu shunchalik tez ro‘y berdiki, axborot saytlari holatni tuzuk-quruq yoritishga ham ulgurmadi. Qamchiq dovonining temir-beton dosh bermaydigan iqlimiga kalish chidarmidi.
* * *
Navbatdagi xabarimiz blog va sayt egalari uchun ahamiyatlidir. Internet OAV vakillari va blogerlar veb-sahifalariga qonunga zid sharhlar yozilganda ularni aniqlash va zudlik bilan o‘chirib yuborish tartibi tasdiqlandi. O‘tgan yili “OAV va blogerlar qoldirilgan kommentlar uchun ham javobgar bo‘ladi”, degan xabar tarqalgan va katta muhokamaga sabab bo‘lgandi. Endi o‘sha qaror tasdiqlandi. Xavotirga hojat yo‘q, qonunga zid sharhlarni aniqlashning madaniy yo‘li ishlab chiqilgan. Qonunga zid izoh (terrorizm, diniy yoki milliy adovat, jinoyatchilikka da’vat, haqorat va h.k.) qoldirilgan taqdirda OAV yoki blogerga skrinshot bilan xabar yuboriladi. Xabarnomani olgandan keyin 24 soat ichida o‘chirilishi kerak. Bordi-yu o‘chirmasa, AOKA sudga murojaat qilishi mumkin. Yakuniy hukmni sud chiqaradi.
* * *
25-dekabr kuni Toshkent shahrida Yoshlar forumi o‘tkazildi. Forumda Humo Arena saroyiga kelgan 3 300 nafar, shuningdek, hududlardagi studiyalarda 26 ming nafardan ziyod yoshlar ishtirok etdi. Yoshlar forumida prezident Shavkat Mirziyoyev, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevlar qatnashdi. Shavkat Mirziyoyev forumda OAV va ochiqlik siyosati haqida gap ochib, “jurnalist va blogerlarning ovozini eshitishga majburmiz” dedi. Yoshlar bergan qator takliflar tinglandi, o‘zaro fikr almashildi.
Yoshlar forumiga oid bir qiziqarli fakt. Forumda gapirgan Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov prezident bilan 12 daqiqa 43 soniya davom etgan suhbat davomida “hurmatli Prezident” iborasini 80 marta (o‘rtacha har 9,5 soniyada bir marta) aytdi. Buni muxbirlar erinmay sanab chiqdi.
Aslida yoshlar forumida kattalar qatnashishining o‘ziyoq qiziqarli faktdir.
* * *
26-dekabr kuni Toshkent metropolitenining Sergeli yo‘nalishi ishga tushirildi. Bu metro yo‘nalishini loyihalashtirish 2017-yilda boshlangan edi. Uzunligi 7 kilometrlik temir yo‘lda beshta bekat bor. Metropolitenning “Olmazor” bekati bilan oraliqda 580 metrlik tunnel qurilib, yerusti va yerosti yo‘llari bog‘langan. Bekatlar milliy dizayn asosida pardozlangan, elektron to‘lovli turniketlar, eskalator va liftlar bilan jihozlangan. Bu yo‘nalishda 214 xodim yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi. Unda kuniga 35 ming yo‘lovchi qatnashi mumkin. Yerusti metrosining tagida sport maydonchasi ham bor. Prezident metro ochilishiga keldi va uni ko‘zdan kechirdi. Yerusti sport maydonchasida bo‘ldi.
Sergeli yo‘nalishi kelgusida Qo‘yliq bozorigacha boradi. Darvoqe, ushbu yo‘nalishda sayr qilmoqchi bo‘lsangiz, 1-yanvargacha metroga shoshiling. Tashkent City’dan farqli ravishda, Sergeli metrosi 1-yanvargacha bepul xizmat ko‘rsatadi.
* * *
Tender bu ochiq yoki cheklangan sondagi ishtirokchilar uchun raqobatli savdo tanlovidir. Bozor munosabatlarini shakllantirishda va rivojlantirishda tender keng qo‘llaniladi. Ammo tender haqida ko‘cha tilida “kim ko‘proq tashlasa o‘sha yutadi”, degan gap bor. Buni o‘zbekona ta’riflansa, buyurtmachiga kim yaqin bo‘lsa, tenderda o‘sha yutadi. Bu hafta ana shunaqa tenderlarning guvohi bo‘ldik.
Andijonda “Milano Biznes Servis” degan MChJ budjet mablag‘idan qurilayotgan qariyb 20 milliard so‘mlik uchta obyektni barpo etish uchun pudratchi sifatida tanlab olingan. “Milano Biznes Servis” MChJning barcha ulushi Kodirov Muxiddin Abduraimovichga tegishli. Qiziq tarafi — qariyb 20 milliard so‘mlik davlat buyurtmasini olgan kompaniya egasi ayni paytda xuddi ushbu qurilishlarga buyurtma bergan davlat tashkiloti — Andijon viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasining ham rahbari hisoblanadi.
Bunaqa shubhali buyurtma olgan MChJlar sanoqli emas. “Andijon Ixlos Qurilish” MChJ, “Ixtisoslashgan Shahrixon Qurilish” MChJ, “Shahrixon Qurilish Grant” va “Jahon Mamur Qurilish” MChJlarning egasi va buyurtmalari aniqlanganda bu yerda katta manfaatlar to‘qnashuvi borligi ma’lum bo‘lib qoldi.
Jizzaxliklar ham bu borada ortda qolmoqchi emas. Jizzax viloyati hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi Jizzax shahri ko‘chalarini obodonlashtirish maqsadida manzarali daraxtlar va mavsumiy gullar ekish uchun buyurtmachilarni tanlab olish maqsadida tanlov e’lon qilgan. Qariyb 1 milliard so‘mlik davlat buyurtmasini My Flower MChJ yutgan. Mablag‘ viloyat hokimi Saliyev Ergash Alibekovich farmoyishi bilan mahalliy budjetning oshirib bajarilgan qismidan ajratilgan.
2020-yilning fevral oyida Jizzax shahri ko‘chalariga mavsumiy gullar ekish obyekti bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda ham My Flower MChJ pudratchi sifatida g‘olib bo‘lgan. Loyiha qiymati 1 milliard 69 million so‘m. My Flower MChJ kimga tegishli? Albatta begonaga emas, hokimbuvaning qiziga. MChJning 50,80 foiz ulushiga Saliyeva Nargiza Ergashevna, 49,20 foiziga esa Xolmo‘minov Zohidjon Xolmurod o‘g‘li egalik qiladi. Korxona gullar va ularning urug‘larini yetishtirish bilan shug‘ullanadi, deb yozmoqda “Davletov.uz” kanali.
Gul ekish tenderida viloyat hokimining qizi yutavergan bo‘lsa, qurilishga oid tenderlarda hokim o‘rinbosarining qarindoshlari uloqni birovga berib qo‘ymagani haqida “Jizzaxcha tenderlar – 2” maqolamizda o‘qing.
Eng muhim va muhokamali xabarlarni “Daryo”da o‘qib boring. Bir yildan so‘ng yana haftalik dayjestda uchrashguncha omon bo‘ling.
Izoh (0)