Amerikaning Kolorado shtatida istiqomat qiluvchi erkak ikki oyda ikkita bir xil Kia Sportage avtomobillaridan ayrildi. Koreya markasining ishqibozi ikkita krossoveri minib qochilganidan so‘ng, yangi mashina sotib olishga shoshilmayapti, deb xabar beradi Motor.

Foto: Kia

Devid Rays AQShda 2018-yilda ishlab chiqarilgan Kia Sportage’ni sotib olgan. Oradan bir hafta o‘tgach, o‘g‘rilar amerikalikning uyi yaqinidagi parkingga kirib, minilgan krossoverni o‘g‘irlab ketgan. Mashina o‘g‘rilari kuzatuv kameralariga tushib qolgan bo‘lsa-da, ularni topishning imkoni bo‘lmagan.

Janubiy Koreya markasining ishqibozi tushkunlikka tushmasdan yana bitta xuddi shunaqa kumushrang Sportage sotib olgan. Biroq haydovchining yangi avtomobil borasidagi xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmagan. Erkak yana bir bor yerosti avtoturargohidan mashinasi o‘g‘irlab ketilgani haqida politsiyaga ariza yozgan. Erkak mashinalari topilguniga qadar yangi avtomobil sotib olmaslikka qaror qilgan va hozirda ijara xizmatlaridan foydalanmoqda.

Denver politsiyasi statistikasiga ko‘ra, yil boshidan buyon shaharda avtomobil o‘g‘riligiga oid jinoyatlar soni deyarli ikki barobarga oshgan. O‘g‘irlangan 6,5 mingta mashinaning 360 ga yaqini Kia modellari hisoblanadi.

Avvalroq amerikalik askar avtomat uzatmalar qutisi sabab Mercedes-Benz’ni o‘g‘irlab keta olmagani to‘g‘risida xabar berilgandi.