Germaniyaning Vilzek shahrida harbiy xizmatni o‘tayotgan 19 yoshli amerikalik askar aeroport avtoturargohidagi Mercedes-Benz’ni o‘g‘irlashga urindi. Yigitga o‘ylagan rejasini amalga oshirishga mashinaning avtomat uzatmalar qutisi xalal bergan, deb xabar qiladi Motor.

Foto: Stripes

AQShga uchib ketishini kutib o‘tirgan harbiy xizmatchi nemis aeroporti avtoturargohidagi Mercedes-Benz kaliti bilan qoldirib ketilganini payqab qolgan. Avtomobil yo‘lovchilarni kutib o‘tirgan 50 yoshli taksichiga tegishli bo‘lgan. Mercedes egasiga e’tibor bermagan askar mashina saloniga kirib, uni o‘t oldirgan va haydashga uringan.

Biroq harbiy xizmatchi mashinani tezda olib qochishning uddasidan chiqmagan. Askar nemis sedanining avtomatik transmissiyasini qanday boshqarishni bilmagan. Natijada uzoq manulyatsiyadan keyin avtomobil qimirlashni boshlagan. Askar mashinani harakatga keltirganida Mercedes egasi buni payqab qolgan va yo‘lovchi o‘rindig‘iga o‘tirib, uni to‘xtatishga uringan.

Haydovchi va askar o‘rtasida janjal yuzaga kelgan, natijada harbiy xizmatchi mashinani orqaga haydab yuborgan. Biroq harbiy xizmatchi uzoqqa ketishga ulgurmagan, bir necha metrdan so‘ng to‘siqqa borib urilgan. Mashina o‘g‘risi avtomobilni olib keta olmasligini anglab yetgach, undan tushib qochishga uringan. Ammo bu yerda ham u omadsizlikka uchragan — askarni mahalliy politsiya xodimlari qo‘lga olgan.

Mercedes-Benz egasining so‘zlariga ko‘ra, yetkazilgan zarar 11 800 dollarni tashkil etadi. Askar esa o‘g‘irlikda ayblanib, harbiy politsiyaga topshirilgan.