1911-yil 14-dekabr kuni janubiy qutbga ilk bora odam oyog‘i yetib bordi. Birinchi insonning Antarktida markaziga borishi uchun Angliya va Norvegiya ekspeditsiyalari o‘rtasidagi raqobat geografik kashfiyotlar tarixidagi eng dramatiklardan biri hisoblanadi.
Inson oyog‘i yetmagan so‘nggi maskan
1909-yilga kelib, janubiy qutb inson oyog‘i yetmagan eng so‘nggi yirik geografik nuqta bo‘lib qolgandi. Aslida, u yerga birinchi yetib borish uchun bo‘ladigan raqobat Amerika Qo‘shma Shtatlari va Britaniya imperiyasi o‘rtasida bo‘lishi kutilgan edi. Biroq o‘sha paytdagi yetakchi amerikalik qutb tadqiqotchilari Kuk va Piriylar o‘z nigohlarini Arktikaga qaratgandi va bu britan kapitani Robert Skott uchun ajoyib imkoniyat yaratgandi. Ammo Skott ham shoshqaloqlik qilmoqchi emasdi. U keng ilmiy tadqiqotlar va qutbga sayohat uchun uslubiy tayyorgarlikni o‘z ichiga olgan uch yillik dasturga puxta tayyorlandi.Kutilmaganda ushbu rejalar norvegiyaliklar tomonidan buzib tashlandi. Chunki shimoliy qutbga inson oyog‘i yetib bo‘lganidan xabar topgan Rual Amundsen u yerda ikkinchi bo‘lishni xohlamadi va o‘zining “Fram” deb nomlangan kemasini yashirincha Janubiy qutb tomon burdi. 1911-yil fevral oyida Ross muzliklaridagi lagerga yetib kelgan ingliz zobitlari u yerda norvegiyaliklarni uchratdi. “Amundsenning rejasi biz uchun jiddiy tahdid ekaniga shubha yo‘q”, deb yozgandi o‘shanda Skott o‘z kundaligida. Musobaqa boshlandi.
Skott va Amundsen qanday insonlar edi?
Terra Nova ekspeditsiyasi a’zolaridan biri keyinchalik o‘zining xotiralari muqaddimasida shunday yozgandi: “Ilmiy izlanishlar uchun menga Skottni bering; qutbga yetib borish uchun Amundsenni”.Darhaqiqat, san’at va fanlarga moyillik Robert Skottning eng taniqli ijobiy fazilatlaridan biri edi. Uning adabiy iste’dodi, ayniqsa, o‘zining kundaliklarida yaqqol namoyon bo‘lgan.
Odamovi, sovuqqon ijrochi Rual Amundsen esa natijalarga erishish uchun yaratilgan inson edi. Reja odami bo‘lgan Amundsen: “Sarguzashtlar – bu yomon tayyorgarlikning noxush oqibati” deb hisoblardi.
Jamoalar
Skott ekspeditsiyasining tarkibi o‘sha paytdagi qutb tadqiqotchilarini hayratda qoldirdi, chunki ushbu jamoada 65 kishi to‘plangandi. Ekspeditsiya Terra Nova kemasining ekipaji, o‘n ikkita olim va operator Gerbert Pontilardan iborat edi. Qutb markaziga esa besh kishi yo‘l oldi: kapitan o‘zi bilan birga chavandoz Oatsni, ilmiy dastur rahbari Uilsonni, yordamchisi Evansni va so‘nggi daqiqada dengizchi Bauerslarni olib ketdi. Ko‘plab mutaxassislar ushbu so‘nggi qarorni falokatli deb hisobladi: chunki jamoadagi oziq-ovqat va uskunalar miqdori, hatto chang‘ilar ham atigi to‘rt kishiga mo‘ljallangandi.Amudsen jamoasi esa zamonaviy qishki ultramarafonlarning har qanday musobaqasida g‘olib chiqishi mumkin bo‘lgan yigitlardan iborat edi. Antarktidaga u bilan to‘qqiz kishi yo‘lga tushdi. Jamoa tarkibida fan bilan bilan shug‘ullanadiganlar umuman yo‘q edi. Ular tirik qolish uchun zarur bo‘ladigan barcha ko‘nikmalarga ega bo‘lgan, jismonan kuchli erkaklar edi.
Amundsenning yigitlari chang‘ida ham yaxshi uchardi, jamoaning ko‘pchilik a’zolari chanalarga qo‘shiladigan baroq ulov itlarini qanday boshqarishni yaxshi bilardi, navigatsiya malakasiga ham ega edi va faqat ikkitasidagina qutb tajribasi yo‘q edi. Ulardan eng yaxshi besh nafari qutb markaziga yo‘l oldi: Amundsen jamoasiga yo‘lni chang‘i uchish bo‘yicha Norvegiya chempioni ochib borardi.
Ekipirovka
O‘sha davrdagi barcha norveg qutb tadqiqotchilari singari Amundsen ham eskimoslarning qattiq sovuqqa moslashish usullarini qo‘llash tarafdori edi. Uning ekspeditsiyasi issiq anoraklar va maxsus “kamik” deb nomlanuvchi qishki botinkalar kiygandi. “Mo‘ynali kiyimlarsiz tayyorlangan har qanday qutb ekspeditsiyasini yetarli darajada jihozlangan deb aytmagan bo‘lar edim”, deb yozgandi norvegiyalik tadqiqotchi.Aksincha, ilm-fan va taraqqiyot kulti va imperialistik “oq odam yuki” g‘oyasi bilan tarbiyalangan Skott jamoasi aborigenlar tajribasidan foydalanishdan or qilardi. Inglizlar junli va kauchukli kostyumlar kiyardi. Zamonaviy tadqiqotlar yordamida ikki jamoaning kiyimlari tekshirib ko‘rilganda, biri-biridan muhim ustunlikka ega bo‘lmagani aniqlandi.
Azob g‘alabani qahramonlikka aylantirdi
Amundsenning taktikasi ham samarali, ham shafqatsiz edi. Uning oziq-ovqat va jihozlar ortilgan to‘rtta 400 kilogrammlik chanalarini 52 ta grenland xaski itlari tortib borardi. Marra tomon yaqinlashgan sari norvegiyaliklar itlarni o‘ldirib, boshqa itlarga yedirardi. Yuk kamaygani sababli endi kerak bo‘lmay qolgan transportning o‘zi oziq-ovqatga aylanardi. Bazaga 52 ta itdan 11 tasi qaytib kelgan xolos.Skottning murakkab transport rejasida esa motorli chanalar, mo‘g‘ul poni otlari, Sibir itlari va so‘nggi qismda o‘z oyoqlari bilan yurib borish maqsad qilingandi. Ammo uning rejasi muvaffaqiyatsizlikka uchrashini osonlik bilan taxmin qilish mumkin edi. O‘sha paytlarda hali rivojlanmagan motorli chanalar tezda buzildi, ponilar sovuqdan o‘lib ketdi, itlar esa juda kam edi. Natijada, inglizlarning o‘zi yuzlab kilometrlarga chanalarni sudrab bordi, har biriga deyarli bir sentner yuk to‘g‘ri kelardi. Skott esa buni ustunlik deb bildi — ingliz an’analariga ko‘ra, tadqiqotchi maqsadga “tashqaridan olingan yordamsiz” erishishi kerak edi. Azob g‘alabani qahramonlikka aylantirardi.
Oziq-ovqat zaxiralari
Skottning muvaffaqiyatsiz transport strategiyasi uning jamoasini ocharchilikka olib keldi. Jamoa a’zolarining chanalarni o‘zlari sudrab borgani sayohat davomiyligini oshirdi va bunday mashqlar uchun zarur bo‘ladigan kaloriyalar sonini sezilarli darajada oshirdi. Shu bilan birga, inglizlar butun yo‘l davomida o‘zlariga yetarli miqdordagi oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘tarolmasdi.Yeguliklarning sifati ham ekspeditsiyaga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmadi. Tarkibi kepakli jo‘xori uni va xamirturushdan iborat bo‘lgan norveg pechenyesidan farqli o‘laroq, inglizlar toza oq bug‘doydan tayyorlangan nonlar olgandi. Qutbga yetib bormasdanoq Skottning jamoasi B vitamini yetishmovchiligi bilan bog‘liq bo‘lgan singa va asab kasalliklariga chalindi. Qaytish safari uchun ham oziq-ovqat yetishmagan, eng yaqin omborga yetib borishga esa kuch qolmagan edi...
Norvegiyaliklarning oziq-ovqat zaxiralari haqida esa ular ortga qaytayotganlarida chanalarni yengillashtirish maqsadida ortiqcha ovqatlarni tashlab yuborganlari haqida aytishning o‘zi kifoya qiladi. Ular bu borada ham juda puxta tayyorlangan edi.
Finish
Norvegiyaliklarning bazasidan qutbgacha bo‘lgan masofa 1 380 kilometrni tashkil etardi. Amundsen jamoasiga bu yo‘lni bosib o‘tish uchun 56 kun kerak bo‘ldi. It chanalari bir yarim tonnadan ortiq yuk olib ketishga va yo‘l-yo‘lakay, qaytish uchun oziq-ovqat omborlarini tashkil qilib ketishga imkon berdi.1912-yil 17-yanvarda norvegiyaliklar Janubiy qutb markaziga yetib bordi va u yerda chodir qurib, Norvegiya qiroliga qutbni zabt etilgani to‘g‘risida noma va Skottga ushbu xatni manzilga yetkazishni so‘rab murojaat qoldirdi: “Uyga boradigan yo‘l juda uzoq, har qanday narsa sodir bo‘lishi mumkin, shu jumladan, o‘lim ham...” Amundsen jamoasi qaytishda halokatga uchrasa, Skottdan ular birinchi bo‘lib qutbni egallaganini dunyoga yetkazishini so‘ragandi. Qaytishda Amundsenning chanalari tezlashdi va jamoa 43 kundan keyin bazaga yetib keldi.
Inglizlar esa bu yerga oradan bir oy o‘tgach yetib keldi va Amundsenning chodirini topdi. Ular 79 kun ichida 1 500 kilometr yo‘l bosib keldi... “Dahshatli umidsizlik! Sodiq hamrohlarimning shunday ahvolda qolishi menga qattiq azob beradi. Bu barcha orzularimizning oxiri. Bu qayg‘uli qaytish bo‘ladi”, deb yozgandi o‘shanda Skott o‘z kundaligiga.
Mag‘lubyaitga uchragan, umidsizlikda qolgan, och-nahor va kasallangan Skott jamoasi, qirg‘oqqa qaytib kelish uchun yana 71 kun yo‘l yurdi. Skott va uning shu paytgacha tirik qolgan ikki sherigi oziq-ovqat omboriga 40 kilometr qolganda vafot etdi.
Mag‘lubiyat
1912-yilning kuzida Skott, Uilson va Bauersning jasadlari yotgan chodirni ularning Terra Nova ekspeditsiyasidagi hamkasblari topdi. Kapitanning jasadi ustida oxirgi yozgan qaydlari yotardi, etigini ichida esa Amundsenning Norvegiya qiroliga yozgan maktubi ham bor edi. Skottning kundaliklari nashr etilgandan so‘ng, uning vatani Britaniyada norvegiyaliklarga qarshi kampaniya boshlanib ketdi va inglizlarga faqatgina imperiya g‘ururi Amundsenni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qotil deb atashga to‘sqinlik qildi.Biroq Skottning adabiy iste’dodi mag‘lubiyatni g‘alabaga aylantirdi va ularning ayanchli o‘limi norvegiyaliklarning ideal rejalashtirilgan yutug‘idan ustun qo‘yildi. “Qanday qilib Amundsenning shon-shuhratga intilishini Skottning birinchi darajali fojiasi bilan tenglashtirish mumkin?”, deb yozgandi zamondoshlari.
Xulosa
Bu insonlar bir-biriga nisbatan dahshatli raqib bo‘lsa-da, ular haqiqiy jentelmen edi. Marraga birinchi yetib kelgan Amundsen Skottga ishonib xat qoldirgan, o‘z mag‘lubiyatini tan olgan Skott esa bu xatni olib qaytdi. Amundsen jamoasi qaytishda halokatga uchrab, Skottlar tirik etib kelishganda ham Skott janubiy qutbni birinchi bo‘lib norveglar egallaganini aytmoqchi bo‘lib xatni olib qaytgandi. Ammo Skott jamoasi qaytib kela olmadi...“O‘z hayotlarini xavf ostiga qoldirib bunday ekspeditsiya uyushtirish Skott va Amundsenlarga nima uchun kerak edi?” degan savol o‘smirlik paytimda o‘zimga eng ko‘p beradigan savollarimdan biri edi. Nima uchun Rual Amundsen va Robert Skott hali insoniyatga noma’lum Antarktida sarhadlariga o‘limni bo‘yniga olib safar qilgan? Chunki insonlar tarixni nafaqat o‘qiydi, ular uni yaratadi ham... Ushbu qutb vasvasasi, XIX asrda Alyaskada boshlangan oltin vasvasasini yodimga soldi. Ammo bu endi umuman boshqa hikoya...
Nurbek Alimov tayyorladi.
Izoh (0)