Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

O‘zbekistonda zo‘ravonlik qurbonlari bo‘lgan ayollarning huquqlarini himoya qilish va ularga o‘z vaqtida yordam berish uchun “Najot” mobil ilovasi ishlab chiqildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Senat matbuot xizmati

Foto: Senat matbuot xizmati

Qayd etilishicha, har yili 15 yoshdan 49 yoshgacha bo‘lgan har beshinchi ayol va qiz zo‘ravonlik haqida xabar beradi. Yangi ma’lumotlar pandemiya boshlanganidan keyin ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlik tahdidi kuchayganligini ko‘rsatmoqda. Karantin cheklovlari tufayli ko‘plab zo‘ravonlik qurbonlari o‘z vaqtida yetarli darajada yordam olmagan bo‘lishi mumkin. O‘zbekistonda 2020-yil yanvar–sentabr oylarida zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga 14 849 ta murojaat kelib tushgan.

“Najot” ilovasi BMTning “Gender asosidagi zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar” kampaniyasi munosabati bilan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi tomonidan Shvetsiya hukumati ko‘magi bilan amalga oshirilayotgan “Davlat boshqaruvida va ijtimoiy-siyosiy hayotda ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” qo‘shma loyihasi doirasida ishlab chiqilgan.

Uning bosh sahifasida favqulodda vaziyat uchun mo‘ljallangan “Yordam tugmasi” mavjud. Agar foydalanuvchi zo‘ravonlik qurboniga aylansa, ushbu tugmani bosib, 3 soniyadan ko‘proq ushlab turishi kerak. “Najot” ilovasi qurbonning oilasiga yordam so‘rab xabar jo‘natadi va uning manziliga havola yuboradi.

Buning uchun foydalanuvchi 5 nafar yaqin insoni kontaktlarini va yordam haqidagi xabarni ilovaga qo‘shishi lozim. Ularni esa ilova to‘g‘risida oldindan ogohlantirish talab etiladi. Qolaversa, foydalanuvchi “Eng yaqin yordam markaziga xabar berish” parametrini tanlashi ham mumkin. Shunda xavf tug‘ilganda xabar eng yaqin reabilitatsiya markaziga yuboriladi.

Ilovada “Yordam markazlari” bo‘limi ham mavjud. Unda oilaviy muammolar, zo‘ravonlik va favqulodda vaziyatlarda yordam uchun murojaat qilish mumkin bo‘lgan joylar haqida ma’lumot olish mumkin. Ushbu markazlarda, lozim bo‘lsa, psixolog, shifokor yoki huquqshunos maslahatlarini olish va himoyalangan turar joy bo‘yicha yordam ko‘rsatiladi.

Ilovada har bir hududdagi zo‘ravonlik qurbonlarini reabilitatsiya qilish markazlari ro‘yxati hamda markazlarning manzili xaritada keltirilgan. Kerakli hududni tanlab, ushbu markazlarning manzili va kontaktlari to‘g‘risida ma’lumot olish mumkin.

“Bilish muhim” bo‘limida ayollar salomatligi, ayollar huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslari, oilaviy munosabatlar, huquqiy masalalar va boshqa masalalarga oid eng ko‘p tarqalgan savollarga javoblar mavjud. Shuningdek, himoya orderini olish bo‘yicha ko‘rsatmalar mavjud. Bundan tashqari, foydalanuvchi zo‘ravonlik turini aniqlash yoki zo‘ravonlik nima ekanligini tushunish uchun testlardan o‘tishi mumkin.

Ushbu bo‘limda foydalanuvchi testdan o‘tishi va o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik borligini aniqlashi va qanday yordamga muhtojligini tushunishi mumkin. Masalan, agar javoblarda “ko‘pincha” va “doimiy” javoblar ustunlik qilsa, demak, foydalanuvchi oilasida zo‘ravonlik muammosi dolzarbdir.

Qayerda va qanday bo‘lishidan qat’i nazar, foydalanuvchi yordam olguncha u taqdim etgan barcha ma’lumotlar sir saqlanadi. Ushbu mobil ilova o‘zbek va rus tillarida mavjud. Yaqin orada “Najot” mobil ilovasini PlayStore’da yuklab olish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning avgust oyida Toshkentda zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi ochilgandi. Markaz Chilonzor tumani, Dilxush ko‘chasida joylashgan, shuningdek, u bilan 1146 raqami orqali bog‘lanish mumkin.

Sentabr oyida esa ayollarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoyalash to‘g‘risida qonun imzolandi. Qonunga ko‘ra, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi sodir etilgan zo‘ravonlik yoki tahdid haqida tegishli organlarga yoxud sudga murojaat etish, bepul huquqiy maslahat, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olish kabi huquqlarga ega.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda yanvar oyida kimlarga eng yuqori maosh taklif qilindi?
Dunyo
“Rossiya yutqazadi, Ukraina g‘alabasi dunyoni o‘zgartiradi”: Zelenskiy Buyuk Britaniya parlamentida nutq so‘zladi (video)
Mahalliy
Qoraqalpog‘istondagi uyda gaz portlashi oqibatida bir kishi vafot etdi