Ikkinchi jahon urushidan oldin ham, undan keyin ham g‘arbning ayrim davlatlari bir necha marotaba SSSRga qarshi bir necha yirik bosqinlarni ko‘zlagan edi. 1945-yilning 3-dekabrida AQSh Sovet Respublikasining 20 ta shahrini Pentagon samolyotlari orqali portlatishni reja qilgani ma’lum bo‘ldi. Portlatilishi rejalashtirilgan shaharlar orasida Moskva, Boku, Toshkent kabi poytaxt shaharlar ham mavjud edi. Bu g‘arb davlatlarining SSSRga qarshi birinchi rejasi ham, so‘nggi rejasi ham emas edi. Biroq ularning hech qaysisi amalga oshmadi...
AQShning rejalari
1945-yil 14-dekabrda AQSh o‘tkazgan yig‘ilishda Ikkinchi jahon urushida AQShga ittifoqdoshlar bo‘lgan SSSRga qarshi kurashishning yagona yo‘li atom bombalaridan foydalanishdir, degan xulosaga kelindi. Chunki Ikkinchi jahon urushi davrida SSSR atom bombalariga ega emas edi. Biroq yadroviy qurollardan foydalanish teskari natija hosil qilishi, ya’ni SSSR xalqini o‘z hukumati atrofida birlashib, jipslashishiga olib kelishi mumkinligi ham nazardan chetda qolmadi.Yana bir muammo shunda ediki, AQSh o‘zi rejalashtirgan hujum uchun yetarli miqdordagi atom bombalariga ega emas edi. Aslida, AQSh ushbu reja to‘g‘risidagi ma’lumotlar raqibga yetib borishini ko‘zlagan va atom bombalarini amalda qo‘llamasdan turib, raqibga ta’sir ko‘rsatishga umid qilgan edi. Bu kabi xufiyona rejalar g‘arb mamlakatlari uchun o‘ziga xos bo‘lib, o‘zaro ittifoqchilik munosabatlari o‘rnatilgan paytlarda ham “favqulodda” rejalar tayyorlab qo‘yilardi.
AQShning mashhur rejalaridan biri bo‘lgan “Troyan” rejasiga ko‘ra, 300 ta atom bombasi va 20 mingta oddiy bomba Rossiyaning yuzlab shaharlarini vayron qilishi kerak edi. Buning uchun esa samolyotlarning olti ming marotaba qatnovi talab qilinardi. Ularning hisob-kitobiga ko‘ra, bu hujum Sovet Ittifoqi uchun dahshatli oqibatlarga olib kelar, hujumning muvaffaqiyatli chiqish ehtimoli yetmish foizga yaqin edi. Biroq ular ittifoqda qo‘zg‘alon kelib chiqishidan xavotirlanardi.
Qo‘zg‘alon keng tarqalish va xavfli oqibatlarga olib kelishi ehtimoli mavjud edi. Shu sababli, Amerika o‘z rejasini bekor qilishga majbur bo‘ldi. AQSh Havo kuchlari Bosh generali S.Anderson Amerika havo kuchlari butun boshli “Troyan” rejasini amalga oshirishga qodir emasligi, shuningdek, havo kuchlari Amerika hududini to‘la himoya qilishga imkonsiz ekani to‘g‘risida ma’lumot berdi. “Troyan” rejasi amalda qo‘llanilganida, u “Hiroshima”dagi portlashning yangi va yanada dahshatliroq ko‘rinishi bo‘lgan bo‘lardi.
Boshqa bir yirik reja esa 1949-yil dekabrda vujudga kelgan “Dropshot” rejasi edi. Rejaga ko‘ra, 300 ta atom bombasi va 250 tonna oddiy bombalar samolyotlarga yuklangan bo‘lishi kerak edi. “Dropshot” rejasiga ko‘ra, Moskvaga 25 ta, Leningradga bo‘lsa 22 ta atom bombasi tashlanishi ko‘zlangan edi. Hujum amalga oshirilgach, bosib olingan hududlar to‘rtga: g‘arbiy SSSR, Ural bilan Markaziy Osiyo hududlari, Siberiya va Uzoq Sharq bo‘linar va bu hududlar AQShning piyoda askarlari tomonidan egallanishi nazarda tutilgan edi. Partizanlar va boshqa kuchlarga qarshi bosim esa bevosita o‘zlari tomonidan emas, balki mahalliy boshqaruvchilar orqali amalga oshirilishi va bu orqali turli isyonlarning oldi olinishi rejada qayd etib o‘tilgan edi.
AQSh o‘z hisob-kitobiga ko‘ra, atom bombasi orqali 100 millionlab Sovet fuqarolarini halok qilish mumkin, deb hisoblar va shu tufayli o‘z kuchiga ishonardi. Ta’kidlab o‘tish lozimki, bu paytga kelib SSSR o‘zining yadroviy qurollariga ega bo‘lishga ulgurgan edi. Natijada, Amerikaning yadroviy qurollar orqali qilmoqchi bo‘lgan tahdidi ahamiyatini yo‘qota boshladi. Aslida, Amerikaning bu kabi rejalari Uchinchi jahon urushiga tayyorgarlik bo‘lib, SSSRdan tashqari Xitoy, Mongoliya, Shimoliy Koreya va Finlyandiya kabi davlatlar ham mo‘ljalga olingan edi.
Nega Uchinchi jahon urushi sodir bo‘lmadi?
Nima uchun Amerika Sovet Ittifoqiga hujum uyushtirib qo‘ya qolmadi? Buning asosiy sababi — yaqindagina tugagan Ikkinchi jahon urushi edi. Ikkinchi jahon urushida Qizil armiya dunyodagi eng kuchli qo‘shinni — Germaniya qo‘shinlarini tor-mor eta oldi. Germaniya bu urushga puxta tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lishiga qaramay, SSSR Gitler Germaniyasiga mardonavor qarshilik ko‘rsatib, o‘z kuchini ko‘rsata olishga muvaffaq bo‘ldi.Yadroviy urush keltirib chiqarish orqali bunday kuchli davlatni mayda-mayda bo‘laklarga bo‘lib, jangni davom ettirish mushkul bo‘lgan va favqulodda rejalar bunday vaziyatda ish bermasligi mumkin edi. 1949-yildan so‘ng esa o‘z yadroviy qurollariga ega Sovet Ittifoqiga qarshi kurashish xavfi yanada oshdi. Qisqa qilib aytganda, Amerika SSSRga hujum uyushtirgan taqdirda ikkala tomon ham katta zarar ko‘rar, ammo nima bo‘lgan taqdirda ham SSSR Atlantika okeanigacha yetib bora olardi. Urush oqibatida AQSh doimiy tahdid ostida qolishi mumkin edi, bunday tahlikali vaziyat esa AQShni xotirjamlikdan mahrum bo‘lishiga olib kelgan bo‘lardi. Shu kabi omillar yadroviy urushlarning va Uchinchi jahon urushi ro‘y berishining oldini olishga xizmat qildi.
Rahimjon Qudratov tayyorladi.
Izoh (0)