1853-yilning 2-iyulida Rossiya Moldova va Valaxiyani bosib olib, oldinroq erishilgan xalqaro kelishuvlarni buzgani bois Usmonli saltanati, so‘ng qator Yevropa davlatlari unga qarshi urush e’lon qildi. Shu tariqa tarixga “Qrim urushi” nomi bilan kirgan qonli urush boshlanib ketdi. Qrim yarimoroli muammosi ana shu yillarda ko‘tarildi, negaki, bu hududga Rossiya, Usmonli saltanati va hatto Yevropa davlatlari ko‘z tikkan edi.
Aynan mana shu Qrim urushi davomida 1853-yilning 30-noyabr kuni Qora dengiz bo‘yidagi Sinop shahri yaqinida rus hamda usmonli flotlari o‘rtasida Sinop dengiz jangi bo‘lib o‘tdi. 1995-yildan boshlab esa Rossiya 1-dekabrni Sinopdagi g‘alaba kuni sifatida nishonlab kelmoqda. “Daryo” sana munosabati bilan mazkur jang haqida hikoya qiladi.
Flot tarkibi va jang oldi tayyorgarliklar
Usmonlining dengizchi posholaridan bo‘lgan Patrona Usman Posho boshchiligidagi Usmonli floti Qora dengizdagi hududlarini nazorat qilish maqsadida Istanbuldan dengizga chiqdi. Usmonlining Kavkazdagi eng muhim portlari Trabzon va Batum portlari edi. Dengiz yo‘llarini qo‘riqlash maqsadida Usmon Posho Sinopda bir flot tashkil etishga qaror qildi. Mazkur flot tarkibida 7 ta tezyurar fregat, 3 ta korvet, 2 ta paroxod, 2 ta brig va 2 ta harbiy transport bo‘lib, unda jami 510 ta to‘p bor edi. Mazkur flotni qirg‘oqda joylashtirilgan 44 ta to‘pdan iborat batareya himoya qilib turar edi.Turklarning Sinopda ekani xabari Sevastopoldagi rus ma’murlariga yetib bordi. Aslida, rus kemalari Usmonli bilan harbiy harakatlardan oldinroq turk flotining harakatlarini kuzatish maqsadida sharqiy Qora dengiz bo‘ylab nazorat tadbirlarini amalga oshirish uchun Pavel Stepanovich Nahimov boshchiligida eskadra Sevastopoldan dengizga chiqdi. Mazkur flot tarkibida 7 ta turli rusumdagi kema mavjud edi. Keyinchalik, jang oldidan yana 4 ta kema kelib qo‘shildi.
Nahimov portdan jo‘nab ketgan paytda unga har qanday harbiy harakatlardan tiyilish buyurilgan edi. Bu paytda Usmonli tarafdan hech qanday harbiy xavf yo‘q edi. Ammo voqealar rivoji o‘zgarib ketdi. 26-oktabr kuni uzoq kutilgan xabar yetib keldi. Qrimdagi rus floti bosh qo‘mondoni Menshikov Nahimovga harbiy harakatlarni boshlashga buyruq berdi.
Jangning borishi
Imperator Nikolay I ning urush boshlash haqidagi farmoni ham aynan shu paytda e’lon qilingan edi. Noyabr oyining boshlarida Nahimov barcha flotdagilarga harbiy harakatlarga tayyorgarlik ko‘rishni buyurdi. Janglar boshlanguncha rus floti ancha kuchlanib, to‘plarining sonini 720 tadan orttirdi. Shu tariqa raqibdan ustunlikka erishdi.Turk flotining ochiq dengizda ingliz va fransuz kemalari yordamida kuchlanishini hisobga olib, Nahimov ularni o‘zlari turgan joyda, ochiq dengizga chiqmaslaridan oldin yanchib tashlashga qaror qildi. U Sinop havzasiga kemalar yuborib, raqib kuchlariga qarshi yaqin masofadan hujumlar qilishni rejalashtirdi. Jangdan bir kun oldin u barchani to‘plab, hujum rejalarini kelishib oldi.
Jang 30-noyabr kuni soat 12:30 da boshlandi va 17:00 gacha davom etdi. Sinop havzasiga kirgan rus flotiga qarshi turklar to‘plardan o‘q uzdi. Bunga javoban ruslar faqatgina o‘zlariga qulay pozitsiyalarni egallab olganlaridan keyingina javob qaytardi. Shunda ularning ustunligi namoyon bo‘ldi. Rus admirali Nahimov bo‘lgan “Imperatristsa Mariya” kemasiga qarshi, Usmonli admirali Usmon Posho bo‘lgan “Avnulloh” kemasi hujumga o‘tdi. Ikki kema o‘rtasidagi jang yarim soat davom etdi.
Turk kemasi buzg‘unga uchrab, qirg‘oqqa qarab ketishga majbur bo‘ldi. Shu tariqa turk floti qo‘mondonsiz qoldi. Qal’a to‘pchilari ham ruslarning kutilmagan hujumiga tayyor emas edi va bu oxir oqibat ularning foydasiga ishladi. To‘plar kemalar uchun eng xavfli edi va turk qo‘mondonligi esa ularga ishongan edi.
Usmonli flotining barcha kemalari birin-ketin mag‘lub etildi va undagi askarlar suvga g‘arq bo‘ldi. Faqatgina “Toif” paroxodidan boshqa barcha 15 ta kema ruslar tomonidan yo‘q qilindi. “Toif” esa uch kundan keyin mag‘lubiyat haqidagi xabarni Istanbulga yetkazdi. Ba’zi manbalarda sulton Abdulmajidxon “Toif”ning mazkur harakatidan ranjigani va qochib kelish o‘rniga qolganlar kabi jang qilib halok bo‘lgani yaxshi ekan ini aytgani rivoyat etiladi. Ruslar tomonidan 37 askar halok bo‘ldi, 200 dan oshig‘i jarohatlandi. Turklarda esa yo‘qotish katta bo‘ldi. Jangda qatnashgan 4 500 askardan to‘rt mingga yaqini halok bo‘lgani aytiladi. 200 ga yaqin usmonli askari, jumladan, admiral Usmon Posho ham asir olindi. Jang natijasida Usmonli floti ancha zaiflashib qoldi va uning Kavkazdagi rejalariga jiddiy putur yetdi.
Jang natijalari
Ushbu jang tarixda yelkanli kemalar qatnashgan eng so‘nggi dengiz jangi bo‘lib qoldi. Shundan keyin bunday kemalar o‘rnini bug‘da yuradigan kemalar egallay boshladi. Guvohlar jangdagi kuchlar o‘rtasidagi tengsizlikni adolatsizlik deb hisobladi. Ular shuningdek, rus askarlarining marhamatsizligini ham alohida qayd etdi. Jang “Sinop qatliomi” deb ham nomlandi.Yevropa jamoatchiligi bu voqeaga katta e’tibor qaratdi va ruslar tanqid qilina boshladi. Natijada, jangdan so‘ng ingliz va fransuz kemalari Qora dengizga kirdi va Qrim urushiga qo‘shildi. Avstriya imperiyasi bosimi ostida ruslar tinchlik sulhiga majbur bo‘ldi hamda 1856-yil 30-martda Parij konferensiyasi tashkil etildi va bu Qrim urushiga yakun yasadi.
Xotiralarda
Sinopda jangda qatnashgan askarlar oldidan chiqqan pullarga “Shahidlar chashmasi” yodgorligi barpo etildi. 1952-yil Sinopdagi g‘alabaning 100 yilligi munosabati bilan Sankt Peterburgning Kalashnikov qirg‘og‘i Sinop qirg‘og‘i deb o‘zgartirildi. 1995-yil mart oyida Rossiya Federatsiyasida 1-dekabrni Sinopdagi turk eskadrasi ustidan qozonilgan g‘alaba kuni sifatida nishonlash joriy qilindi.Jahongir Ostonov tayyorladi.
Izoh (0)