O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 3-dekabr kuni ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish borasida oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tashkilotlar, tarmoq va hududlar oldidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev energetika tarmog‘idagi muammolarga alohida e’tibor qaratdi.

Qayd etilishicha, bu sohada 3 ta oliygoh, 2 ta ilmiy tashkilot, o‘nlab olimlar bo‘lsa-da, muammolarni hal qilishda o‘rni sezilmayapti. Yirik korxonalarda yoqilg‘i-energetika resurslari iste’molini tahlil qiladigan ilmiy tadqiqotlar yo‘q.

Ma’lum qilinishicha, bir yilda 100 million kilovatt soat elektr ishlatadigan Toshkent truba zavodi o‘rganilganda jarayonlarni optimallashtirish hisobiga 20 million kilovatt soat energiyani iqtisod qilish mumkinligi aniqlangan. “Buning hisobidan qanchadan qancha xonadonlarga yorug‘lik yetkazish mumkin”, — deyiladi xabarda.

Shu maqsadda “Issiqlik elektr stansiyalari”, “Navoiyazot”, “Farg‘onaazot”, “Qizilqumsement”, “Bekobodsement”, “Quvasoysement” kabi yirik korxonalarda ilmiy tashkilotlar bilan birga, elektr energiyasi sarfini optimallashtirish bo‘yicha vazifa qo‘yildi.

Shuningdek, har yili gaz transport tizimi va yirik sanoat korxonalaridan chiqayotgan ikkilamchi gazlar 730 megavatt elektr energiya salohiyatiga ega bo‘lib, bu imkoniyatdan umuman foydalanmay kelinmoqda. Ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikda Muborak, Sho‘rtan va Gazli konlarida yo‘ldosh gazlardan elektr energiyasi olish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.